Samarqandda “aqlli” gaz hisoblagich o‘rnatish ishlariga 23 ta brigada jalb etilgan
“Hududgaz Samarqand” MChJ tuman va shahar filiallari tomonidan tashkil etilgan 23 ta brigadalar viloyatimizdagi aholi xonadonlariga zamonaviy “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatib kelishmoqda. Ayni paytda tajribali mutaxassislardan iborat brigadalar Samarqand shahridagi Turon, Bog‘isaroy, Sayqal mahallarida, shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahridagi Yakkabog‘ mahallasida gaz hisoblagichlarni almashtirishmoqda.
- “Aqlli” deb nomlanayotgan mazkur hisoblagichlar iste’molchilarga “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati hisobidan bepul o‘rnatib berilyapti, - deydi “Hududgaz Samarqand” MChJ tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish xizmati boshlig‘i Siddiq Xudayberdiyev. – Bunda iste’molchilarga bir qator qulayliklar yaratiladi. Ular ortiqcha yugur-yugurlardan xoli bo‘ladilar. Hisoblagichlarga xizmat ko‘rsatish va bu bilan bog‘liq xarajatlar (o‘rnatish, yechish, tekshirish va ta’mirlash)dan xoli bo‘ladi. Ular faqat hisoblagichni soz holda saqlash uchun mas’ul hisoblanadi.
Uskunaning har 10 yilda bir marotaba davriy qiyoslovdan o‘tkaziladi. Ta’mirlash va o‘lchash moslamalarini davlat qiyoslov tekshiruvlaridan o‘tkazish ishlari ham gaz ta’minoti tashkilotining mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Hozirgacha viloyatimizga 6923 ta “aqlli” hisoblagichlar keltirilgan bo‘lib, bosqichma-bosqich aholi xonadonlariga o‘rnatilmoqda. Ish samaradorligini oshirish borasida korxona shartnoma asosida qo‘shimcha gazpayvandchi ustalarni ham jalb qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, viloyatimizda 2021 yil yakuniga qadar barcha toifadagi iste’molchilar uchun tabiiy gazni boshqarish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi.
“Hududgaz Samarqand” MChJ axborot xizmati.