Samarqandda atmosfera zararlanish darajasi o‘rganilyapti
Kecha viloyatimizning barcha hududlarida atmosfera havosining ifloslanish darajasini aniqlash bo‘yicha ko‘chma ekologik laboratoriya ish boshladi.
Mazkur ko‘chma laboratoriya avtomatik tarzda atmosfera havosining 20 ta ko‘rsatkichini, jumladan aerodinamik diametri 10 mikron (PM10) va 2,5 mikron (PM2,5) bo‘lgan mayda dispersli zarrachalar va boshqa ifloslantiruvchi moddalar miqdorini, meteorologik ko‘rsatkichlarni – shamol yo‘nalishi, atmosfera bosimi, namligi va boshqalarni aniqlash imkonini beradi.
Mazkur mobil laboratoriya chekka hududlarda joylashgan ob’yektlarni, shuningdek, aholining shikoyatlari bo‘yicha atmosfera havosi sifatini tahliliy instrumental nazorat qilishda qo‘l keladi. Natijada namunalar olish va ularni tahlil qilish samaradorligi oshadi, resurslar va tahlil vaqti qisqaradi. Ilgari bitta ingrediyentga laboratoriya tahlili uchun kamida 3 soat sarflangan bo‘lsa, endi bu vaqt 6 barobarga qisqarib, barcha ko‘rsatkichlarni aniqlash vaqti 30 daqiqadan oshmaydi.
Atmosfera havosining ifloslanish darajasini aniqlayotgan mazkur ko‘chma ekologik laboratoriya 16 aprel kuni ham ish olib boradi.
Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.