Samarqandda axborot xizmatlari rahbarlari qanday ishlayapti?

Axborot xizmati xodimlari faoliyati samaradorligi bir yilda ikki marta reyting baholashdan o‘tkazilyapti. Xususan, 2021 yil 2-yarim yil yakuni bo‘yicha respublika miqyosida hokimliklar kesimida viloyat bo‘yicha 5 ta – Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Bulung‘ur, Jomboy va Samarqand tumanlari hokimliklari axborot xizmati rahbarlarining faoliyati yuqori darajada, deb topildi. Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

- Ayni paytda Samarqand viloyatida jami 77 ta axborot xizmatlari faoliyat ko‘rsatmoqda, - dedi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev. - Shundan 4 tasi vakant, 40 dan ortiq korxonada axborot xizmati vazifasi boshqa xodimga yuklatilgan.
Axborot xizmati xodimlari 2021 yil ikkinchi yarmida axborotni zamonaviy, tezkor va keng qamrovli usulda ommaviy axborot vositalari orqali foydalanuvchilarga infografika, foto, audio, video va matn shakllarida, muayyan belgilangan vaqt oralig‘ida yetkazib berish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan. Shuningdek, 9 ta – Paxtachi, Payariq, Narpay, Nurobod, Toyloq, Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om, Oqdaryo va Ishtixon tumanlari hokimliklari matbuot kotiblarining ishi o‘rta darajada ekanligi qayd etilgan.

Hozirgi kunda tuman va shahar hokimliklarining veb-saytlari faoliyat yuritmoqda. Veb-saytlarga ma’lumotlar joylashtirib borishning holati o‘rganilmoqda.

Axborot xizmati xodimlarining malaka va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida seminarlar, davra suhbatlari tashkil etilyapti.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda viloyat hokimligi tomonidan hamkorlikda qabul qilingan media-rejaga asosan 2022 yilning birinchi choragida jami 1134 marta media tadbir (385 tasi matbuot anjumani, 393 tasi ochiq muloqot, 330 tasi brifing, 26 tasi press-tur) o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori raisligida o‘tkazilgan 2021 yil 11 maydagi yig‘ilish bayonining 5-bandiga ko‘ra, axborot xizmatlari rahbarlari transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra davlat organi va tashkiloti rahbarining o‘rinbosariga tenglashtirilishi ijro uchun qabul qilinishi belgilangan. Ammo viloyatda mazkur topshiriqlar ijrosi haligacha bajarilmay kelmoqda.
Xususan, 3 ta – Kattaqo‘rg‘on shahri, Bulung‘ur va Samarqand tumanlari hokimliklari matbuot kotiblariga xizmat avtomobili ajratilmagan.