Samarqandda bir kunda ikki joyda narkotik modda sotuvchisi ushlandi
Samarqand viloyatida bir kunda ikki joyda narkotik modda savdosi aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
2020 yil 14 fevral kuni soat taxminan 16:00 da Jomboy tumani hududida viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda 31 yoshli U.T. 1,3 gramm «gashish» giyohvand moddasini 370.000 so‘mga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jomboy tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U.T. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan, tergov harakatlari davom etmoqda.
Shu kunning o‘zida soat taxminan 21:00 da Samarqand shahar Dahbed ko‘chasida 35 yoshli A.K. 4,91 gramm «opiy» giyohvand moddasini 200 AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. A.K. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan, tergov harakatlari davom etmoqda.