Samarqandda chiptasiz yo‘lovchining Termiz shahriga yetib olishida “ko‘maklashmoqchi” bo‘lgan poyezd kuzatuvchisi ushlandi
Samarqand viloyati IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i nomiga Xorazm viloyati Urganch shahrida yashovchi Doniyor Sa’dullayev ariza bilan murojaat qilib, “Toshkent-Samarqand-Termiz” yo‘nalishida harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdida yo‘l kuzatuvchi bo‘lib ishlovchi “Ilash” ismli fuqaro Samarqand temir yo‘l vokzaliga kelgan chiptasi yo‘q fuqarolardan Termiz shahriga olib ketish evaziga pul talab qilayotganligini ma’lum qilgan.
Fuqaro D.Sa’dullayev ushbu yo‘l kuzatuvchisidan norozi bo‘lib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Ariza yuzasidan joriy yil 11 noyabr kuni soat 23:30 larda viloyat IIB transportda XTB jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida “Toshkent-Termiz” yo‘nalishida harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdi Samarqand vokzaliga kelib to‘xtagandan so‘ng D.Sa’dullayev Termiz shahriga yetib olishi zarurligi, yonida o‘zbek so‘mi yo‘qligi, faqat Rossiya rubli borligini aytganda vagon kuzatuvchisi “Ilash” ismli shaxs 1500 Rossiya rubli evaziga Termiz shahrigacha olib ketishini ma’lum qilgan. O‘zaro kelishuvdan so‘ng D.Sa’dullayev 1400 Rossiya rubli berayotgan vaqtida vagon kuzatuvchisi TXTB JQB tezkor xodimlari tomonidan ushlangan.
Aniqlangan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.