Samarqandda chiqindilarni olib ketish uchun majburiy to‘lov miqdori o‘zgardi

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarori qabul qilingan. Unda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun majburiy to‘lov tariflari belgilangan.

Xususan, Samarqand shahri va Samarqand tumanida chiqindi uchun kishi boshiga oyiga 3400 so‘mdan to‘lov belgilandi.
Kattaqo‘rg‘on shahri va boshqa tumanlarda xizmat narxi 2900 so‘mni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, qaror bilan yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lov tariflari ham o‘zgardi.

Endi yuridik shaxs yoki YaTT 1 tonna qattiq maishiy chiqindini olib chiqib ketishlari uchun 130 393 (suyuq chiqindi uchun esa 50 428) so‘m to‘laydi.

Kattaqo‘rg‘on shahri va boshqa tumanlardagi yuridik shaxs yoki YaTTlar ayni shunday xizmat uchun 111 303 so‘m to‘lovni amalga oshiradi.

Darvoqe, deputatlar viloyat moliya boshqarmasining joriy yil 29 iyun va 7 iyuldagi xulosalariga asoslanib, mazkur qarorga kelishgan.

O‘zgartishlar bo‘yicha viloyat hokimining tegishli qarori loyihasi tayyorlanmoqda. Tariflar qachon kuchga kirishi o‘sha hujjatda qayd etiladi.