Samarqandda DXM abituriyentlarga mobil xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ydi (foto)

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlarni ro‘yxatga olish xizmatini endi mobil vosita orqali ham amalga oshirmoqda.

– Joriy yilda davlat xizmatlari markazlari orqali respublikamizdagi beshta oliy o‘quv yurti – Qoraqalpoq davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Farg‘ona davlat universitetiga abituriyentlar ro‘yxatga olinmoqda, – deydi Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi bosh maslahatchisi I.Narzullayev. – Bu yil abituriyentlar har yilgidan ko‘pligi va qabul komissiyalarida navbatlar ko‘payib ketgani sababli 9 iyul kunidan boshlab markazlarda 24 soatlik rejimda bu xizmatni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida keyingi ikki kun davomida tuman va shaharlardagi DXMlar orqali 4200 dan ortiq abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi. 10 iyul kuni kunning ikkinchi yarmidan boshqarmamizning davlat xizmatlari ko‘rsatishga moslashtirilgan avtobusi orqali abituriyentlarni ro‘yxatga olishda ko‘p navbat kuzatilayotgan joylarda ham ish boshladik.

Bu avtobusda bir vaqtning o‘zida uch nafar abituriyentni ro‘yxatga olish imkoniyati mavjud. Ta’lim muassasasini avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlar to‘laydigan to‘lov ham shu yerning o‘zida qabul qilinmoqda. Ayni paytda avtobus orqali Universitet xiyobonida yoshlarga xizmat ko‘rsatilmoqda.