Samarqandda fotosurat uchun 2200 AQSh dollari talab qilgan ayol ushlandi
2020 yilning 3 sentyabr kuni 42 yoshli S.N. (ayol) tanishi 43 yoshli F.A.ning (ayol) shaxsiy fotosuratlarini qo‘lga kiritib, ularni F.A. uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar sirasiga kirishini bilgan holda, kelgusida ushbu rasmlarni uni yaqin qarindoshlariga hamda internet tarmog‘i orqali tarqatib sharmanda qilish bilan qo‘rqitib, harakatlarni amalga oshirmaslik evaziga F.A.dan 2.200 AQSh dollari miqdordagi pullarni tovlamachilik yo‘li bilan talab qilib kelayotganligi aniqlangan.
Joriy yilning 4 sentyabr kuni IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand shahar Universitet hiyobonida S.N. tanishi F.A.dan 2.200 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha S.N. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
IIV huzuridagi Tergov departamentining xabariga ko‘ra, hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.