Samarqandda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlardagi 31 sudyadan 1 nafari umrbod sudyalikka tayinlangan, 3 ta shtat vakant

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida axborot bergan fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi vazifasini bajaruvchi B.Norov aytib o‘tdi.

Axborotda ta’kidlanganidek, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan joriy yilning olti oyi davomida 9 ming 544 ta fuqarolik ishlari ko‘rib chiqilgan. Ko‘rib chiqilgan ishlarning 7 608 tasi qanoatlantirilgan, 1 ming 080 tasi rad etilgan. Shuningdek, 417 tasi ish yuritishdan tugatilgan va 439 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.

Olti oy davomida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini qaytarish to‘g‘risida 2 ming 368 ta, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer uchastkalarida joylashgan qurilmalarni buzish to‘g‘risida 63 ta, noqonuniy qurilmalarni buzish to‘g‘risida esa 220 ta fuqarolik ishlari ko‘rib tamomlangan.

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzish va Yer maydonlarini noqonuniy egalikdan qaytarib olish yoki yer maydonidan chiqarish yuzasidan apellyasiya va kassatsiya instansiyasida 98 ta shikoyatlar ko‘rib chiqilgan.

Ushbu davrda 116 ta nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo arizalari bo‘yicha taraflar yarashganligi sababli oilalar saqlab qolingan.

Voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan  aliment undirish haqida 1 ming 855 ta sud buyruqlari chiqarilgan.

Sudlar tomonidan fuqarolik ishlari va sud buyruqlari yuzasidan 12 ming 721 ta 37 milliard 375 million 745 ming 116 so‘mlik ijro hujjatlari majburiy ijro byurosining tegishli bo‘limlariga yuborilgan.

Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudlarida 34 ta sudyalik shtati mavjud bo‘lib, shundan 3 ta sudyalik shtati vakant.

Sudyalardan 1 nafar sudya muddatsiz davrga, 9 nafar sudya 10 yillik muddatga, 21 nafar sudya 5 yillik muddatga tayinlangan.