Samarqandda iste’molchilarning qariyb 369 million so‘mi uchun xizmat ko‘rsatilmagan
Jomboy tumanidagi Ahmadjon Qurbonov mahallasida yashovchi G‘.Isroilov tomonidan tuman gaz ta’minoti korxonasi tomonidan fuqarolarga maishiy gaz ballonlari 107-115 ming so‘mdan sotilayotganligi haqida murojaat qilindi. Murojaatda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 avgustdagi qaroriga asosan, iste’molchilarga yangi maishiy gaz ballonlari bepul berilishi kerakligi qayd qilingan.
Darhaqiqat, amaldagi tartibga ko‘ra, gaz ta’minoti korxonasiga iste’molchining arizasi asosida, balansida bo‘lgan maishiy gaz ballonini vaqtincha foydalanishga berish majburiyati belgilangan. Bunda to‘lov undirilmasligi ham qayd qilingan.
Aniqlanishicha, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori tomonidan tasdiqlangan narxnomaga asosan, joriy yil 15 iyuldagi aholi xonadoniga birinchi marta maishiy gaz balloni o‘rnatib ishga tushirish xizmatining narxi 112 ming 651 so‘m miqdorida tarif belgilangan.
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan iste’molchilardan 2018 yilda bir dona maishiy gaz ballon o‘rnatish 57 ming 17 so‘mdan, 2019 yilda 99 ming 535 so‘mdan 106 ming 75 so‘mgacha, joriy yilda esa 106 ming 75 so‘mdan 112 ming 651 so‘mgacha mablag‘lar undirilgan.
Iste’molchilarga suyultirilgan gaz ballonlarni o‘rnatish bo‘yicha dalolatnoma nusxalari taqdim etilmaganligi sababli, hududiy boshqarma xodimlari tomonidan joriy yilning 19 sentyabr kuni Jomboy tumanidagi 13 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 44 ta xonadon egalari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi.
So‘rovda qatnashganlarning barchasi suyultirilgan gaz ballonlarini olish uchun “Jomboy tumangaz ta’minoti” bo‘limiga to‘lov qilganliklarini, lekin gaz ballonlarini o‘zlari o‘rnatib olganliklarini ma’lum qildi.
Demak, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning “Sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashiga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas”ligi haqidagi norma buzilgan.
Ya’ni, ko‘rsatilmagan xizmat uchun “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali iste’molchilardan 2018-2019 yillar va 2020 yilning yanvar-avgust oylarida 4082 ta iste’molchidan 368 million 997,2 ming so‘m haq undirilgan.
Shu sababli hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atildi. Maxsus komissiya qarori bilan filial tomonidan undirilgan asossiz mablag‘larni iste’molchilar bilan qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berildi.
J.ABDINAZAROV,
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi.