Samarqandda ixota o‘rmonzorlari barpo etiladi
Samarqand viloyatining meliorativ ob’yektlari atrofida va qishloq xo‘jaligi yerlarida o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan ixota daraxtzorlarini barpo etish belgilangan.
Respublika o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda viloyat hududlarida jami 200 gektar ixota o‘rmonzorlari yaratish rejalashtirilgan va hozirgacha qariyb 100 gektar maydonda ana shunday o‘rmonzorlar barpo etildi.
O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi va viloyat boshqarmasi tomonidan joylarda o‘rmon xo‘jaliklari xodimlari va fermerlarga qishloq xo‘jaligi yerlarida ixotazorlar barpo qilish sxemasi, ekish usullari, parvarishlash, qo‘riqlash, saqlash va ixotazorlarning qishloq xo‘jaligi hosildorligini oshirish bo‘yicha ahamiyati to‘g‘risida tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.
Viloyat bo‘yicha aprel oyining 1-o‘n kunligida qishloq xo‘jaligi yerlarida ixotazorlar barpo qilish ishlarini to‘liq va sifatli tugallash chora-tadbirlari belgilandi.