Jomboy o‘rmon xo‘jaligida kivi yetishtiriladi
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 23 avgustdagi «Respublikada o‘rmonlardan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan yerlarini ijaraga berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Shunga ko‘ra, 2020 yilning yanvar – sentyabr oylarida 29 ming gektardan ortiq yer maydoni 1561 ta jismoniy va yuridik shaxslarga investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlari yaratish sharti bilan 49 yil muddatga ijaraga berildi.
“O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan esa o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish va bu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020-2022 yillarda o‘rmon fondi yerlarini ijaraga olgan ijarachilarga faoliyat yo‘nalishiga qarab 1 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatda ijara to‘lovining “nol” stavkasini qo‘llash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bunday imkoniyat va imtiyozlar o‘rmon xo‘jaliklarining faoliyatini yanada takomillashtirish bilan birga mazkur tarmoqda xususiy sektorning o‘rnini kengaytirish, shu faoliyat bilan mashg‘ul yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatdorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
– Odatda, o‘rmon xo‘jaliklari haqida gap ketganda ko‘pchilik faqat mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtiradigan, parvarishlaydigan, tabiatning ma’lum hududlarini muhofaza qilish bilan shug‘ullanadigan tarmoqni tushunadi, – deydi “Jomboy” davlat o‘rmon xo‘jaligi bosh o‘rmonbegi Jaloliddin Yo‘ldoshev. – Lekin bunday xo‘jaliklarda ham qishloq xo‘jaligining ko‘plab yo‘nalishlari bo‘yicha mahsulot yetishtirish, ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyati mavjud. Tan olishimiz kerak, shu paytgacha tarmoqqa yetarli darajada e’tibor berilmagani sababli o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanilmadi, har bir xo‘jalik o‘zicha faoliyat olib bordi. Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan bir qator farmon va qarorlar esa o‘rmon xo‘jaliklarini “uyg‘otdi”, sohaga zamonaviy boshqaruv tizimlari joriy etila boshlandi. Jumladan, bizning xo‘jaligimiz faoliyati ham yangicha mezonlar asosida tashkil etilmoqda.
“Jomboy” davlat o‘rmon xo‘jaligi katta hududni egallamagan – 1500 gektardan ortiq maydoni bor. Bu yerlarning ham 520 gektaridan foydalaniladi. Xo‘jalik asosan, terakchilikka ixtisoslashgan. Shuningdek, 30 xildan ko‘proq manzarali daraxt ko‘chatlari, 10 turdan ortiq mevali ko‘chatlar yetishtirilayotgan ekan.
– Shu paytgacha faqat qurilishbop terakni ko‘paytirganmiz, – deya so‘zida davom etadi J.Yo‘ldoshev. – Endi esa boshqa manzarali daraxt ko‘chatlarini tayyorlash va o‘stirishga e’tibor qaratyapmiz. Misol uchun, hozir xo‘jaligimizda Eldor va Qrim qarag‘ayi, kashtan, pavloniya, oq qayin singari kamyob daraxt ko‘chatlari o‘stirayapmiz. Bundan tashqari, hududimizda 15 xil dorivor o‘simlik parvarishlanadi. Keyingi paytda bu yo‘nalishga ham alohida e’tibor qaratilishi tufayli o‘tgan yil 40 gektar maydonda dorivor ekinlar, butalar ekdik. Jumladan, 4,5 gektar yerda za’faron plantatsiyasi tashkil etdik. Boshqa ekinlarga nisbatan mehnati og‘irroq, parvarishi alohida e’tibor talab qilsa-da bundan yaxshi daromad olish mumkin ekan. Xo‘jaligimiz a’zolari bunday dorivor o‘simliklar parvarishini ham yaxshi o‘zlashtirib olmoqda.
Yangi tizim asosida bugungi kunda o‘rmon xo‘jaligi hududidan 112 gektar yer maydoni ijaraga berilib, 10 investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, asalarichilik kompleksi barpo etish uchun “Orzu Olim Dilmurod” fermer xo‘jaligiga 1 gektar yer ajratilgan. Koreyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda faoliyat olib boradigan “KJ-agro walnut” mas’uliyati cheklangan jamiyati esa 30 gektar maydonda zamonaviy texnologiyalar asosida intensiv yong‘oqzor, unabi va kivi yetishtirishga kirishgan. Shuningdek, issiqxona tashkil etish uchun yana bir tadbirkorga 7 gektar yer maydoni ijaraga berildi.
Xo‘jalikning o‘zi ham 15 gektar yerda za’faron o‘simligi, pavloniya va boshqa ko‘chatlar yetishtirish plantatsiyalari tashkil etish loyihalarini tayyorlagan.
Umumiy qiymati 19 milliard 730 million so‘mlik ushbu loyihalarning amalga oshirilishi bilan 300 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilgan.
Darvoqe, davlat rahbarining qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab ijarachilar aholi bandligiga ko‘maklashish markazida ro‘yxatdan o‘tgan ishsiz shaxslarni ishga qabul qilgan taqdirda, ularga ish haqi to‘lash xarajatlarini qoplash uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 6 oy davomida o‘rtacha ish haqining 50 foizi miqdorida, biroq har bir oy uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki barobaridan oshmagan miqdorda subsidiya to‘lanadi. Shuningdek, ijarachilarga suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatgani uchun ham xarajatlarning bir qismi qoplab beriladi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV.