Tabiat qo‘riqchisi nimadan xavotirda?
Qish. Zarafshon daryosi o‘ng qirg‘oqlarida sokin tabiat. 2426,4 gektar maydonni egallagan “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i qirg‘oqning 47 kilometr masofasigacha cho‘zilgan. Daraxtlar, butalar bugun uyquda. Bir qarashda bu yerda qo‘riqlanadigan nima bor ekan, degan savol xayolingizga keladi. Ammo milliy tabiat bog‘i qo‘riqchisi bilan suhbatlashib, “Qizil kitob”ga kiritilgan bu yerdagi hayvonlar, qushlar, daraxtlardan tortib, o‘t-o‘lanlargacha barchasi tabiatning bir bo‘lagi hamda muhofazaga muhtoj ekanligiga guvoh bo‘lamiz.
Soat 8.00 da milliy bog‘ga yetib bordik. Bizni doimiy hamrohi bo‘lgan ot bilan Sharofiddin aka kutib oldi. Tor so‘qmoq bo‘ylab yurib, Sharofiddin akaning bugungi yumushlari, vazifasi, xavotiri haqida suhbatlashdik.
Har bir daraxt, o‘simliklar menga yod
- Aslida bizning ish vaqtimiz chegaralanmagan, - deydi Sharofiddin Toshpo‘latov. – Tong otishi bilan o‘zimga biriktirilgan hududga oshiqaman. Bu yerdagi har bir daraxt, buta, o‘simliklar yod bo‘lib ketgan. Ularga yetkazilgan salgina zararni ham darrov payqayman. Bog‘imizga mahallalar yaqinligi uchun to‘rt faslda ham yumushimiz yetarli. Bahorda odamlarning qoramol boqishidan tabiatni himoya qilsak, kuz va qish oylarida o‘tin uchun dov-daraxtlarga ziyon yetmasligining oldini olamiz. Milliy bog‘imizning hayvonot va o‘simliklar olami juda xilma-xil. Zarafshon qirg‘ovulini muhofaza qilish, dorivor o‘simliklarni ko‘paytirish, hududning tabiiy landshaftini saqlash va qayta tiklash qo‘riqxona xodimlarining asosiy vazifasi hisoblanadi. Menga biriktirilgan 257 gektar maydonda ham noyob o‘simliklar, daraxtlar, qushlar, Buxoro xonguli bug‘usini uchratish mumkin. Ayrim fuqarolar tomonidan ularga zarar yetkazish holatlari ko‘plab uchraydi.
Turang‘il – Buxoro xongulining ozuqasi
Sharofiddin aka qo‘riqxonaga yaqin Naymantepa mahallasida yashar ekan. Yoshligidan qo‘riqxonadagi hayvonlarni, betakror qushlar ovozini eshitib ulg‘aygan.
Bu yerdagi sokin muhit, gohida qushlarning sayrashi, Buxoro xonguli bug‘usining bir mo‘ralab, keyin daraxtlar ortiga bekinishi, bahordagi go‘zallik, tustovuqning ko‘z ilg‘amas parvozi, hatto, sudralib yurgan ilonlar ham meni o‘ziga jalb qilgan bo‘lsa ajab emas. To‘g‘ri, oliy ma’lumotli emasman, - deydi u. - Lekin bu yerdagi daraxtlarning, o‘simliklarning tilini yaxshi tushunaman. Mana, ko‘rib turganingiz turang‘il daraxti. Bu daraxt faqat milliy bog‘imizning 14 gektar maydonida uchraydi. Uning tangachasimon barglari bahor kelishi bilan jilolanib, o‘ziga xos go‘zallik kasb etadi. Bu barglar bilan Buxoro xonguli oziqlanadi. Bugun turang‘ilni tabiiy ko‘paytirish ishlarini olib boryapmiz. Tabiat bog‘ining o‘z xususiyati bor. Daryoga yaqinligi uchun bu yerda tabiiy ko‘payishga sharoit mavjud. Daraxtlarning yonida yosh novdalar chiqaveradi. Bizning asosiy vazifamiz mana shu yosh novdalarni asrash. Ularning ko‘payishiga zamin yaratish.
Kunduz dam oladi, kechasi tabiat qo‘yniga oshiqadi
Sharofiddin aka farzandlarini maqtagandek, qo‘riqxonadagi har bir jihatga e’tiborimizni tortib, ular haqida gapirishdan charchamasdi. E’tiborimizni po‘sti archilib yotgan daraxtlar tortdi.
- Xuddi inson qo‘li bilan qilingandek, to‘g‘rimi? Ammo bu Buxoro xongulining ishi, - deydi tabassum bilan. – Xongullarning erkagida shox bo‘ladi. Shoxlarga qarab ularning yoshini aniqlash mumkin. Shoxlar yilda bir bor po‘st tashlaydi. Buxoro xonguli daraxtlarga shoxlarini qashib, ulardan xalos bo‘ladi. Kichik novdalarni sindirib yuboradi, kattalarini esa po‘stini archib tashlaydi. Bugun milliy bog‘imizda 24 ta Buxoro xonguli bug‘usi chegaralangan hududda, 150 dan ortig‘i tabiat qo‘ynida boqilyapti. Ular qishda qorong‘u tushgach, turang‘illarning qurigan barglarini yeyishga keladi. Kunduz kuni dam oladi.
Bu mevasi pishib yetilgan qizil qoraqat. Ular hududimizda juda ko‘p. Ularning pishgan mevasining sharbati qon bosimini tushiradi. Ammo biz ularning mevasini yig‘ib olmaymiz. Qushlar ozuqasi uchun qoldiramiz. Milliy tabiat bog‘imizda tabiiy ozuqa zanjiri bor. Shu bilan birga dorivor o‘simliklardan biri - chakandani ko‘paytirishga harakat qilyapmiz.
Sharofiddin aka o‘ziga biriktirilgan hududni kuniga ikki bor ko‘zdan kechirishini aytdi. Milliy tabiat bog‘ining iqlimi ham, muhiti ham o‘zgaruvchan ekan.
Tabiat qo‘riqchisining xavotiri bor
- Ko‘rib turganingizdek, kech kuzda hududimizdagi shox-shabbalar quriydi, birgina cho‘g‘ tabiatni vayron qilishi mumkin, - deydi Sharofiddin aka. – Shuning uchun har bir kelgan sayyohga bu yerda chekish, olov yoqish, atrofga chiqindi tashlash mumkin emasligini aytamiz. Afsuski, hamma ham gapimizga quloq solavermaydi. Yosh nihollarga ziyon yetkazish, atrofga chiqindi tashlash holatlari uchraydi. Ularning o‘ylamay qilgan birgina xatosi milliy tabiat bog‘imizdagi tabiiy ozuqa zanjiriga shikast yetkazishidan xavotir olaman. Chunki bu yerda hayvonot va o‘simlik olami bir-biriga uyg‘un.
Qish bo‘lganligi uchun aksariyat jonivorlar uyquda ekan.
- Bahor kelishi bilan bu yerlarni tanib bo‘lmaydi. Siz ko‘rib turgan xaslar o‘rnida bahorda boychechaklar bo‘y cho‘zadi. Mehnatkash asalarilar bu yerdagi gullar shirasini yig‘ishdan charchamaydi ,- deydi tabiat qo‘riqchisi faxr bilan.
So‘qmoq bo‘ylab yurar ekanmiz nogoh tustovuqning parvozi, sherning na’rasi xayolimizni oldi.
Milliy tabiat bog‘ida hayvonot bog‘i ham bor
1975 yilda tashkil etilgan “Zarafshon” davlat qo‘riqxonasi 2018 yilda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Zarafshon” milliy tabiat bog‘iga aylantirildi. Bu yerda mahalliy va xorijlik sayyohlarni jalb etish maqsadida 3 marshrutda ekologik so‘qmoqlar tashkil etildi.
Sharofiddin akaning hududida ekologik so‘qmoqlarning tashkil etilishi zimmasidagi mas’uliyatni ikki karra oshiradi.
Shu bilan birga, milliy tabiat bog‘ida mo‘’jazgina hayvonot bog‘i ham tashkil etilgan. Ochilganiga 4 oy bo‘lgan hayvonot bog‘ida 48 turdagi qush va hayvonlar saqlanmoqda.
- Betakror tabiatimizga, bu yerdagi hayvonot olamiga qiziquvchi sayyohlar ko‘p, - deydi hayvonlarni ko‘zdan kechirib yurgan “Zarafshon” milliy tabiat bog‘i ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Baxtiyor Rajabov. - Ayrim olimlarimiz bu yerda ilmiy kuzatishlar olib boradi. Hozirgi kunda milliy tabiat bog‘i hududida 207 xil qushlar, baliqlar, 88 tur hashoratlar, Zarafshon qirg‘ovuli, O‘rta Osiyo qunduzi, Buxoro xonguli bug‘usi, 300 turdan ortiq o‘simliklar mavjud. O‘simliklarning 80 dan ortiq turi dorivor hisoblanadi. Ko‘rib turganingizdek, hozirda hayvonot bog‘i hududida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Namunali loyiha asosida 2 gektar maydonda tabiat qo‘ynida hayvonlar uchun qafas-uylar quryapmiz. Bu yerdagi tabiat, daraxtlar, so‘qmoqlar tabiiy holda saqlab qolinadi. Imkoniyati cheklangan insonlar uchun ham alohida yo‘laklar qilinadi. Hayvonlar sonini 70 turdan oshirmoqchimiz. Dam oluvchilar milliy tabiat bog‘imizda saqlanayotgan noyob hayvonlar, qushlar, o‘simliklar bilan tanishish barobarida o‘ziga xos hayvonot bog‘ini ham tomosha qilishadi.
Hayvonot bog‘ida lama, ko‘p shoxli Hindiston echkisi, oqqush, tovus, qirg‘ovul, bo‘ri, tulki, sher, jayra kabi jonivorlarni uchratish mumkin. Ularni parvarishlayotgan xodimning ayiq bilan salomlashishi e’tiborimizni tortdi. Ayiq ham uning so‘zlarini tushunib, bizlarga chiroyli salom berdi.
Sharofiddin aka bilan suhbatimiz shu yerda yakuniga yetdi. Xulosamiz esa talaygina. Tabiat bog‘ida bugun ko‘rganimiz har bir tirik jonda qo‘riqchilarimizning hissasi katta ekan. Ular borki, Buxoro xonguli chopqillaydi, ular borki, qushlar xandon sayraydi, ular borki boychechaklar bo‘y cho‘zadi. Ularning doim sergakligi ona tabiatni ziyon-zahmatlardan himoya qiladi.
Nasiba Jonto‘rayeva,
Baxtiyor Mustanov.