Samarqandda jismoniy shaxslar 1 kvadrat metr yer maydoni uchun 352 so‘m miqdorida soliq to‘laydi
Samarqand viloyatida 2023 yilda yuridik va jismoniy shaxslar bo‘yicha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun shahar va tumanlar kesimida ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yer solig‘i stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida
Xalq deputatlari viloyat Kengashining QARORI
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 429 va 437-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘ini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-6121-sonli farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2022 yil 9 dekabrdagi (06/04-34-4103-son) xati, viloyat davlat soliq boshqarmasi 2022 yil 12 dekabrdagi (19/10-117614-son) va viloyat moliya bosh boshqarmasining 2022 yil 13 dekabrdagi (01/02-38-918-son) xulosalariga asoslanib, xalq deputatlari viloyat Kengashining oltinchi chaqiriq, yetmish to‘qqizinchi sessiyasi QAROR QILADI:
1. Quyidagilar:
Samarqand viloyatida 2023 yilda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yuridik shaxslar bo‘yicha mutlaq o‘lchamda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga qo‘llaniladigan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsentlar 1-ilovaga;
Samarqand viloyatida 2023 yilda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun jismoniy shaxslar bo‘yicha mutlaq o‘lchamda belgilangan bazaviy soliq stavkasiga (dehqon xo‘jaligini yuritish uchun, shuningdek jismoniy shaxslarga berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan tashqari) qo‘llaniladigan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘ini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-6121-sonli farmoni bilan, xalq deputatlari shahar va tumanlar Kengashlariga mazkur qarorning 1 va 2-ilovalariga muvofiq tasdiqlangan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlardan kelib chiqqan holda, bazaviy soliq stavkalariga 0,7 dan 3,0 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni daha, massiv, mahalla, ko‘cha kesimida qayta belgilash huquqi berilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi (M.Mirzayev), viloyat hokimligi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” (A.Anvarov) ushbu qarorni “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalarida rasman e’lon qilinishi va viloyat hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini ta’minlasinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi (F.Nasrullayev) va viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari (F.Abilov) zimmasiga yuklansin.
Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi E.Turdimov
2022 yil 30 dekabr