Samarqand viloyati Kengashining 69-sessiyasi 5 avgust kuni o‘tkaziladi

Bu haqda viloyat hokimining bugun, 29 iyulda qabul qilingan "Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltinchi chaqiriq, oltmish to‘qqizinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida"gi Qarorida belgilandi.

 Unga ko‘ra, viloyat Kengashining oltmish to‘qqizinchi sessiyasi 2022 yil 5 avgust kuni soat 8:00 da chaqiriladi.

Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi xalq qabulxonasi rahbari M.Turdiyevning sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati, murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan axboroti;

- viloyat prokurori J.Hotamovning viloyat prokuratura organlari tomonidan 2022 yilning I yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti;

- savdo va xizmatlar sohasini rivojlantirish, ularda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmini hisobotda to‘liq aks ettirish, ko‘chma savdo faoliyatlarini tashkil etish, o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolarni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari va norasmiy faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi va xizmatchilarni rasmiylashtirish (legalizatsiya) masalasi bo‘yicha viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omovning hisoboti;

- viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i X.Umarovning 2022 yil II chorak davomida viloyat jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar, jamoa xavfsizligini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti;

- viloyatda qurilish sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i L.Hamidovning hisoboti;

- viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i L.Hamidovning “Toshkent-Samarqand” tez yurar temir yo‘li bo‘yida joylashgan aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash va unga tutash hududlarni batafsil rejalashtirish loyihalari bo‘yicha axboroti;

- viloyat sektor rahbarlarining hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ishlarni tashkil qilish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini tasdiqlash to‘g‘risida;

- xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 2021 yil 30 dekabrdagi VI-53-126-7-0-K/21-sonli “Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2021 yildagi kutilayotgan ijrosi hamda 2022 yilgi mahalliy byudjetning belgilangan asosiy parametrlari to‘g‘risda”gi qaroriga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida;

- yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) to‘g‘risida;

- viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida.