Samarqandda karantin qoidalariga rioya qilmaslik bilan bog‘liq 19 ming 936 holat aniqlandi
Koronavirus. Ushbu virus paydo bo‘lganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi, ammo kasallikka chalinganlar va qurbonlar soni bilan dunyo hamjamiyatini qattiq xavotirga solmoqda. Shu sababli yurtimizda bu virus tarqalishining oldini olish maqsadida keskin chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, ogohlik, ehtiyotkorlik choralari kuchaytirilmoqda.
Jumladan, viloyatimizda ichki ishlar organlarining yo‘l harakati xavfsizligi, patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmalari xodimlari mudofaa, milliy gvardiya, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tunu-kun xizmat olib bormoqda. Ushbu postlarda xodimlar xizmatni ado etishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.
Viloyat markazi - Samarqand shahriga kiruvchi 25 ta yo‘lda to‘siq postlari tashkil etilib, tumanlararo yuk tashuvchi transport vositalaridan tashqari barcha avtoulovlarning kirib-chiqishi to‘xtatildi.
Pandemiya davrida viloyatimiz hududida karantin qoidalariga rioya qilmaslik bilan bog‘liq 19 ming 936 ta (29 may holatida) holat aniqlandi. Qoidabuzarlarga nisbatan Ma’muriy-javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 53, 54 va 46-2-moddalarida belgilangan tartibda ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi.
Shuningdek, hududda sog‘lom sanitar-epidemiologik muhitni shakllantirish maqsadida tibbiyot xodimlari ishtirokida birinchi nazorat o‘tish joyida xodimlar va murojaat bilan kelayotgan fuqarolar maxsus tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Binolar, xizmat xonalari, hovli va xizmat avtomashinalari dezinfiksiya qilinmoqda. Asosiysi, viloyat ichki ishlar organlari xodimlari va ishchilari o‘z ish joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)da va tibbiy qo‘lqopda xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda viloyatimizning ayrim joylarida kasallik aholi orasidan aniqlangani barchamizni hushyor torttirmog‘i lozim. Shuning uchun bundan bir necha kun avval ommaviy axborot vositalari orqali xalqimiz e’tiboriga havola etilgan bir shior barchamizni yana bir maqsad, bir g‘oya sari yetaklashi zarur: “Men siz uchun ishda qoldim, siz men uchun uyda qoling!”. Bu shior har bir ichki ishlar organlari xodimidan Vatanni, oilani, ota-onani, farzandini, yurtini omon saqlashga undaydi. O‘z o‘rnida bugun ushbu shiorga yurtdoshlarimiz ham yanada to‘liq amal qilishlari talab etiladi. Birgalikda ishlasak, karantin talablariga qat’iy rioya qilsak, osoyishtalik, farovonlik bardavom bo‘ladi, koronavirus yurtimizdan, yer yuzidan tezroq yo‘qoladi. Shuni unutmaylik!
F.Rahmatov,
Samarqand viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik.