Samarqandda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi
Toyloqlik O‘. shu yilning 9 may kuni burnidan qon ketishi va umumiy ahvoli og‘irligi kuzatilganligi sababli Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand viloyat filiali reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. O‘tkazilgan diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda “Covid-19” infeksiyasi ham aniqlangan.
Ushbu bemor (erkak) surunkali bo‘yrak yetishmovchiligi va anemiya og‘ir darajasi tashxisi bilan dispanser nazoratida bo‘lgan. Unga ikkinchi guruh nogironlik ham belgilangan. Shu yilning 28 aprelidan 5 mayigacha u yuqorida keltirilgan tashxis bilan tibbiyot muassasasida davolangan, muntazam rejali dializ seanslarini olib kelgan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatimizdagi nufuzli mutaxassislar bilan birga xorijlik shifokorlar tomonidan ham bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.
Biroq mutaxassislarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan, bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.