Samarqandda “Lacetti” va yuk mashinasi to‘qnashuvi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi
Joriy yil 19 iyul kuni soat taxminan 06:30 larda Samarqand shahri hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘lining 43-kilometrida haydovchi, 38 yoshli A.Z. boshqaruvida bo‘lgan “DAF TE 95XF” rusumli avtomashinasini “Buxoro-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib ketayotganida yo‘lning qarama-qarshi tomonidan harakatlanib borayotgan haydovchi, 31 yoshli F.X. boshqaruvida bo‘lgan “Lacetti” rusumli avtomashina bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
Samarqand viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, yo‘l-transport hodisasi oqibatida “Lacetti” rusumli avtomashina haydovchisi F.X. bilan yo‘lovchisi, 24 yoshli E.R.lar og‘ir tan jarohatlari olib, hodisa joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.