Samarqandda mahalla raisi 150 dollar evaziga soxta ma’lumotnoma bergani uchun qonun oldida javob berdi
Ismoil O‘ktamov (ism va familiyalar shartli) uzoq yillardan buyon Samarqand shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Tabiiyki, tajribali oqsoqoldan ko‘pchilik turli masalalarda maslahat so‘rab turardi. Shu bois Olmos Ostonov ham uning aldoviga ishondi.
O‘sha kuni I.O‘ktamov fuqarolarga uy-joyga muhtojligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat vakolatiga kirmasa-da, O.Ostonovga 150 AQSh dollari evaziga kelgusida uyga muhtoj oilalarga arzonlashtirilgan uy-joy sotib olishda foydalanish uchun ma’lumotnoma rasmiylashtirib berishini aytadi. Shu maqsadda undan 50 AQSh dollari, keyinroq yana 100 AQSh dollarini olib, unga soxta ma’lumotlar aks etgan, ya’ni O.Ostonov oilasi bilan Samarqand shahridagi uylardan birida ijarada yashashi va uy-joyga muhtoj oila ekanligi to‘g‘risida dalolatnoma bergan.
Ammo aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan pul mahalla raisiga buyurmadi.
Sud I.O‘ktamovni 1 yil korxona, tashkilot, muassasalarda moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.
Jazoni o‘tash muddati hukm ijroga qaratilib, sudlanuvchi jazo muddatini o‘tash uchun jo‘natilib, korxonada ish boshlagan kundan boshlab hisoblanadigan bo‘ldi.
Z.XAMROQULOV,
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar bo‘limi inspektori.