Samarqandda Muhammad Aliga sovg‘a qilingan chopon qayerda?

AQShlik afsonaviy bokschi, jahon chempioni Muhammad Ali 1978 yil 12 iyun kuni SSSR sport qo‘mitasining taklifiga binoan Moskvaga tashrif buyurgan edi. Uch kundan so‘ng bokschi sobiq Ittifoq bosh kotibi L.Brejnev bilan uchrashib, musulmonlar ko‘proq yashovchi mintaqalardan biriga borish istagini bildirgan. Rahbarlar yuksak darajadagi mehmonni O‘zbekistonga - Toshkent va Samarqand shaharlariga safarini tashkil qildi.

Samarqandga kelgan Muhammad Ali Ulug‘bek rasadxonasi hamda Registon maydonini ziyorat qildi. Devorlardagi qadimiy naqshlarni ko‘rib lol qoldi. Mehmonlar shaharni qiziqish bilan ko‘zdan kechirgach, kechki namozni masjidda o‘qidilar. Mahalliy imom-xatiblar bilan suhbatlashib, ulardan islom dini, musulmonlarning urf-odatlari, namoz o‘qishning tartib-qoidalari haqida ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

- Islom dinini qabul qilgan Ali uchrashuvda bir og‘iz ham gapirmay, ko‘proq tingladi, - dedi uchrashuvga guvoh bo‘lganlardan biri. - Qur’on borasidagi bilimlarini ko‘rsatmadi. Masjidlardan birida unga oltin iplar bilan tikilgan muqaddas chopon sovg‘a qilindi. Har bir musulmon mehmon uchun bunday chopon katta ahamiyatga ega edi.

Ali Toshkent shahrida bo‘lganida gilosdan tatib ko‘rgach, o‘ziga juda yoqqanini ta’kidladi. Sportchi butun tashrifi davomida faqat yangi uzilgan mevalardan iste’mol qildi. Taomlardan esa palovni xush ko‘rib, tanovul qildi. Sovet matbuotida buyuk bokschining O‘zbekistonga tashrifi mana shunday tasvirlangan edi:

- Samimiy o‘zbekistonliklar taniqli sportchi va uning hamrohlarini juda yaxshi mehmon qilishdi. Belgilangan dastur juda katta bo‘lib, poytaxt Toshkentdan tashqari, qadimiy Samarqand va Buxoro shaharlariga ham ekskursiya qilish rejalashtirilgandi. Hamma yoqda - mo‘l-ko‘lchilik, mehmondo‘stlik. Uchrashuvlarda mehmonlarni olma, gilos, nok, uzum bilan siylashardi. Undan keyin dasturxonga palov tortilardi. Dastlab umuman ovqat yemagan Muhammad bora-bora o‘zini tutib tura olmadi. O‘zbeklarning palovi uni o‘ziga rom qilib qo‘ydi. Asta-asta manti, chuchvara hamda somsalardan tatib ko‘ra boshladi. Keyinchalik Moskvadagi jurnalistlar bilan uchrashuvda u Toshkentdan to‘rt kilogramm ortiqcha vazn olib kelganini ta’kidlab o‘tadi.

1984 yilda Parkinson kasalligiga chalingan Muhammad Ali 2016 yilning 4 iyunida AQShning Arizona shtatida, 74 yoshida vafot etgan.

Darvoqe, AQShda bo‘lgan yurtdoshlarimizning gaplariga qaraganda, samarqandliklarning Muhammad Aliga sovg‘a qilingan zarhal chopon hozirgi kunga qadar bokschining uy-muzeyida ilingan turibdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV tayyorladi.