Samarqandda noqonuniy dori sotuvchi, Narpayda esa dorixona faoliyatiga chek qo‘yildi
Shu kunlarda pandemiya sabab dori vositalariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Bu esa vaziyatdan foydalanib, mo‘may daromad olish istagida bo‘lgan “tadbirkorlar”ga qo‘l kelmoqda. Ularning ayrimlari talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini hech bir hujjatlarsiz, qo‘lda, qimmat narxlarda sotishga urinmoqda. Ayrimlar esa dori vositalari savdosini qonunga xilof ravishda yo‘lga qo‘ymoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan pandemiya sharoitida dori vositalari savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanayotgan kimsalar faoliyatini fosh etib, tegishli qonuniy choralar ko‘rilishini ta’minlamoqda.
Xususan, joriy yil 24 iyul kuni departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand shahridagi Obod maskan mahallasida yashovchi Q.Shoyimov (ism-familiya o‘zgartirilgan) noqonuniy ravishda 1 quti “Ergoferon” dori vositasini xaridorga qimmat narxda, ya’ni 185 ming so‘mga sotgan vaqtda ushlangan.
Undan 10 quti 1 million 850 ming so‘mlik “Ergoferon” dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olinib, hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, 28 iyul kuni Narpay tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Totuvli mahallasida yashovchi fuqaro A.S. uyining yordamchi xo‘jalik xonasida biror bir ruxsat beruvchi hujjatlarsiz noqonuniy ravishda dorixona tashkil etganligi aniqlandi. Qonunga xilof ravishda faoliyat yuritib kelayotganligi uchun “tadbirkor”dan 77 turdagi umumiy qiymati 5 million 811 ming 700 so‘mlik dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan. Olingan vositalar orasida COVID-19 kasalligiga qarshi kurashishda foydalaniladigan 7 turdagi 530 ming so‘mlik dorilar bo‘lgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar teshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.