Samarqandda Ozarbayjon kuy-qo‘shiqlari yangramoqda

Ayni paytda Samarqand shahridagi Yoshlar markazida ozarbayjonlik san’atkorlar ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tmoqda.

Unda  “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida faol qatnashib, gran-pri sohibi bo‘lgan va g‘oliblar safidan munosib joy egallagan xushovoz xonandalar - Ozarbayjon xalq artisti Simara Imanova, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Zabit Nabizoda, Parviz Gasimov va Sohib Poshshozoda o‘zlarining san’atlarini namoyish etmoqda.

Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Toshkentdagi Haydar Aliyev nomidagi madaniy markaz tomonidan tashkil etilgan mazkur konsertda Samarqand viloyati,  shahar hokimligi, ozarbayjonlik mehmonlar, qo‘shni Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlarida yashayotgan ozarbayjonliklar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi F.Toshev ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy munosabatlar, do‘stona aloqalarning yuksak rivoji haqida gapirdi. Tili, dini, madaniyati, qadriyatlari o‘xshash bo‘lgan Ozarbayjon Respublikasi bilan munosabatlar O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etishi, ushbu tadbir ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va albatta, madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Konsert ishtirokchilari qardosh xalq kuy-qo‘shiqlaridan bahramand bo‘lmoqda.

Baxtiyor Mustanov.