Samarqandda O‘zLiDePning “Ayollar qanoti” faollari e’zozlandi

Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib kelgan. Shu bois bejiz dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlanmagan.
Bahorning ilk bayrami - 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zLiDeP Samarqand viloyati Kengashi tomonidan tashkil etilgan bayram tadbirida ham ayollar ulug‘landi.
Tadbirda O‘zLiDeP Samarqand viloyat, tuman va shahar Kengashlari faol ayollari, partiya faxriylar kengashlari faxriy ayollari, partiya deputatlari, boshlang‘ich tashkiloti raislari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda xotin-qizlarning ham mehnati e’tiborga loyiq ekanligi, davlatimiz tomonidan ularning har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotganligi, shu bilan birga og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz yashayotgan ayollarga ham doim e’tibor berib kelinayotganligi aytildi.
Bayram tadbirida xotin-qizlarga partiya viloyat Kengashi tomonidan esdalik sovg‘alari tarqatildi. Shuningdek, partiya faol ayollari, faxriylari bir dasturxon atrofida o‘tirib, bugungi tinchlik-osoyishtalik, erkin va farovon hayotga shukrona keltirdi.
Jahongir Xo‘jamqulov,
O‘zLiDeP Samarqand viloyati Kengashi bo‘lim mudiri.