Samarqandda protez ortopediya mahsulotlari uchun qancha mablag‘ ajratilgan?
- O‘tgan yil so‘nggida tuman va shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sho‘’basi, tibbiyot birlashmalari, TMEK va mahalla fuqarolar yig‘ini faollari uyma-uy yurib, qancha protez-ortopediya mahsulotlariga ehtiyoj borligini o‘rgandi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimi Ilhom Vahobov. – Unga ko‘ra, 734 nafar fuqarolarni nogironlar aravachasi, 374 nafar fuqarolarni eshitish moslamasi, 363 nafar fuqarolarni qo‘ltiqtayoq bilan ta’minlash zarurligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, fuqarolarimizda 471 ta hassa, 186 boshqa turdagi harakat vositalariga ehtiyoj mavjud.
Buning uchun joriy yilda 960 million so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Yaqinda 150 ta nogironlar aravachasi keltirildi. Shuningdek, 200 ta hassa, 100 juft qo‘ltiqtayoq, 70 ta eshitish moslamasi, 20 juft tirsakli qo‘ltiqtayoq olib kelib, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga tarqatilmoqda.
O‘rganishlarga ko‘ra, 493 nafar fuqarolarga protez-ortopediya mahsulotlari tayyorlab berish rejalashtirilgan.
Joriy yilning may-iyun oylarida ishga tushishi rejalashtirilgan protez-ortopediya mahsulotlari ishlab chiqaruvchi "Zarmitan" korxonasi faoliyatini boshlashi bilan bu borada ham muammo qolmaydi.