Registonda aravachada yursa bo‘ladimi?
Samarqanddagi joylar, tarixiy obidalarni ziyorat qilish nogiron, harakati cheklangan insonlar uchun nechog‘lik qulay? Shu haqda bilish uchun Registon maydonida bo‘ldik. Katta ko‘chadan kirib kelishdanoq aravachalar harakatlanishi uchun maxsus yo‘llarni ko‘rish mumkin. Shu tariqa maydonga bemalol nogironlik aravachasida kelish imkoniyati bor. Keyin-chi? To‘g‘risi, ulug‘vor minorlar va ularning poyiga nazar tashlab, aravachadagi insonlar faqatgina maydonning o‘zini tomosha qilish mumkin ekan-da, degan xayolga borasiz. Sababi, bu yerdan ular o‘tishi mumkin bo‘lgan, zinali joylardan chiqish uchun panduslarga ko‘zingiz tushmaydi.
Shu xayollar bilan minorlarga qarab o‘tirgandim, ma’lumot olish maqsadida men kutgan kishi - majmua rahbari ro‘paramda paydo bo‘ldi.
- Samarqand butun dunyoga tarixiy obidalari, qadimiyligi bilan mashhur shahar deydigan bo‘lsak, Registon uning yuragi, asosiy tashrif qog‘ozidir, - deydi Registon ansambli direktori Xonqul Samarov. – Yaqindan boshlab bu yerda nogiron insonlar ham bemalol harakatlanishi uchun to‘liq sharoit yaratildi. Maydonga kirishdan oldin nafaqat imkoniyati cheklangan kishilar, balki nuroniy otaxonu onaxonlar, charchab qolish ehtimoli bo‘lgan kishilar uchun aravachalar qo‘yilgan. Shu toifadagi insonlar undan bemalol foydalanishlari mumkin. Ko‘pchilik sayyohlar Registon maydoni markazida uni tomosha qilish, undan zavqlanish va shu yerda suratga tushishni muhim hisoblaydi.
- Demak, boshqa madrasalarga nogiron kishilar kirolmas ekan-da, - so‘rayman suhbatdoshimdan.
- Yo‘q, aravachada har bir madrasa va obidani aylanib chiqish mumkin. Yuring, bu qanday amalga oshirilganini o‘zingiz kuzating.
600 yilligi nishonlangan Ulug‘bek madrasasining yon tomonidan unga kirish uchun pandus yo‘li qurilgan. Shuningdek, ichkariga kirish uchun olib qo‘yiladigan panduslar moslashtirib yasalgan.
- Tarixiy obidalarga zarar yetkazmaslik, qo‘shimcha har qanday qurilishlar amalga oshirilishi ta’qiqlangani tufayli ushbu panduslar yig‘iladigan, ko‘chma tarzda ishlangan, - deya tushuntirish beradi X. Samarov. - Ansambl mablag‘lari hisobiga amalga oshirilgan bunday qulayliklardan harakatida cheklanish bor sayyohlar kelib, minnatdor bo‘lishdi. «To‘g‘risi, bunday imkoniyat borligini kutmagandik», deya fikr bildirganlar ham bo‘ldi.
Muazzam maydondagi barcha obidalarga ularning arxitekturasiga zarar yetkazmagan holda ko‘chma panduslar o‘rnatilganiga guvoh bo‘ldik. Shuningdek, maydon chekkasida imkoniyati cheklangan insonlar uchun mo‘ljallangan sanitariya xonalar ham tashkil qilingan.
Gulruh MO‘MINOVA.
P.S. Samarqand shahrida shu yilning 14 sentyabr kuni Markaziy Osiyo XI xalqaro «Taraqqiyot tarixi» konferensiyasi doirasida «Samarqandning tarixiy obidalariga yo‘l» nomli volontyorlik aksiyasi va davra suhbati o‘tkaziladi.