Samarqandda qancha ishchi legallashtirildi?

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan xufiyona iqtisodiyotning oldini olishda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni jarayonda “konvert” usulida haq to‘lash, ishchi-xodimlar sonini yashirish holatlariga barham berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan jismoniy shaxslarning daromad solig‘i to‘lovchilarni to‘liq qamrab olish va soliq solish bazasini kengaytirish maqsadida norasmiy ishlayotgan xodimlarni qonuniylashtirish (legallashtirish) borasida joriy yilning o‘tgan davrida 12 079 korxona tomonidan 52 665 nafar ishchi-xodim tegishli buyruqlar asosida rasmiylashtirildi. Buning natijasida byudjetga qo‘shimcha 3,4 milliard so‘m soliq hisoblandi.

Xo‘sh, legallashtirilgan ishchi-xodimlar qaysi yo‘nalishlardagi korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda? Jumladan, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida 4 239, ishlab chiqarishga ixtisoslashgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda 7 727, qurilish korxonalarida 5 086 nafar xodim rasmiylashtirildi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi va boshqa korxonalarda 35 613 nafar ishchi-xodim rasmiylashtirilganini qayd etish lozim.

Samarqand shahridagi qurilish sohasida faoliyat olib boruvchi “Anvar Zamon Nur” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z hisobotlarida 12 nafar ishchini ko‘rsatib kelgan. Mazkur korxona qo‘shimcha yana 22 nafar ishchini ro‘yxatdan o‘tkazdi. “Radjabov Farid Stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati esa qo‘shimcha 16 nafar ishchini rasmiylashtirdi. Bundan tashqari, transport xizmati ko‘rsatuvchi “Yasmira” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 12 nafar ishchi ro‘yxatga oldirildi.

Eng muhimi, ushbu jarayonda byudjetga qo‘shimcha mablag‘ undirilishi barobarida ishchi-xodimning kelgusidagi kafolatlangan pensiyasini olishi ta’minlanadi.

Umid ALIMOV,

Samarqand viloyati davlat

soliq boshqarmasi

Axborot xizmati xodimi.