Samarqandda karantin qoidalarini buzganlarga 2183 ta ma’muriy bayonnoma, ikkita jinoiy holat rasmiylashtirilgan

Koronavirus infeksiyasining Samarqand viloyati hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, tumanlardan Samarqand shahriga kirib keluvchi 27 ta ko‘chada blok-postlar tashkil qilingan. Unda YHXB, bojxona boshqarmasi, Milliy gvardiya, post-patrul xizmati, sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi hamda IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan har bitta avtomobil haydovchisi va yo‘lovchining hujjatlari tekshirilmoqda. Shahar ichiga kiritilayotgan avtomashinalar dezinfeksiya qilingach, harakatlanishga ruxsat etilmoqda.

Boshqa viloyatlardan Samarqand viloyatiga olib kiruvchi jami 5 ta karantin postlari tashkil etilgan. Jumladan, Omonqo‘ton YPX maskani, “Mehnatkash”, “Mirbozor” YPX maskani, “Shtab YHX”, “Yuqori nuqta” blok-postlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu postlar orqali asosan tegishli hujjatlari bo‘lgan yuk va va oziq-ovqat mahsulotlari o‘tkazilmoqda.

Karantinga olingan fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash va karantin holati qoidalari buzilishining oldini olish maqsadida IIB, Milliy gvardiya, mudofaa hamda favqulodda vaziyatlar boshqarmalari xodimlaridan iborat qariyb 1000 kishilik shaxsiy tarkib jalb qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 2 aprel sanasiga qadar karantin qoidalariga rioya qilmagan fuqarolarga nisbatan 2183 ta ma’muriy bayonnoma hamda 2 ta jinoiy holat rasmiylashtirilgan.

Viloyat narkologiya dispanserida 16 martdan bugungi kungacha 21 ta mast holatda avtomobil boshqarish qayd qilingan.