Samarqandda qurilayotgan talabalar turar joylari belgilangan muddatda foydalanishga topshiriladimi?
Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida joriy yil davomida 10 ta talabalar turar joyi (yotoqxona) qurish rejalashtirilgan. Shundan, 1 ta investitsiya dasturi, 2 ta rekonstruksiya (o‘z mablag‘i) va 7 ta DXSh asosidagi yotoqxonalarda qurilish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim qurilish ob’yeklarida muammo mavjud va ular muddatida topshirilmasligi ehtimoli katta.
Jumladan, SamDUning Kattaqo‘rg‘on filialida investitsiya dasturiga asosan “Jamshidjon universal savdo” XK tomonidan 500 o‘rinli yotoqxona binosining 8-qavatida (oxirgi) g‘isht terish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu quruvchi fevral oyida qat’iy ogohlantirilgan bo‘lsa-da, qurilish ishlarining hozirgi holati bilan yangi o‘quv yiliga qadar talabalar turar joyini foydalanishga topshira olmasligi mumkin.
Samarqand iqtisodiyot va servis institutining Samarqand shahar, Rudakiy ko‘chasi 229-uy manzilida tadbirkor mablag‘lari hisobidan qurilayotgan 600 o‘rinli yotoqxonada qurilish ishlari sekin ketayotganligi sababli sentyabr oyida ham belgilangan muddatda topshira olmasligi aytilmoqda.
Bundan tashqari, Samarqand veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hududidan DXSh asosida qurilayotgan 5 qavatli, 750 o‘rinli yotoqxona belgilangan muddatga (1 noyabr) qadar foydalanishga topshira olmaslik xavfi bor.
Chunki ob’yektda endi birinchi qavatida qurilish ishlari olib borilayotganligi aytilmoqda.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti (texnikumi) hududida DXSh asosidagi qurilayotgan 400 o‘rinli yotoqxonada qurilish ishlari bor-yo‘g‘i 30-35 foiz bajarilgan.
Dekabr oyida ham foydalanishga topshirlishi rejalashtirilgan talabalar turar joyidagi qurilish-pardozlari ishlari shu muddatda tugarmikan?