Samarqandda soxta gidlarning ko‘pligi og‘riqli nuqtamiz
Avval xabar berganimizdek, Samarqand shahrida Xalqaro press klub tomonidan “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi: islohotlarning yangi bosqichi, muammolarning chuqur tahlili va tezkor yechimlar” mavzusida sayyor anjuman o‘tkazildi. Unda tarixiy obidalarimiz yonida soxta gidlarning ko‘payayotgani, ular tomonidan turizmning salohiyatiga mos kelmaydigan kiyimlarda sayyohlarga noto‘g‘ri ma’lumot berilayotgani haqida «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti prorektori Bahodir To‘rayev quyidagi fikrlarni bildirdi.
- SamDU qoshida turizm va real sektor iqtisodiyotida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash Samarqand viloyati markazi ochilgandi. Mana shu markazda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomondan fransheza olingan. Gid-tarjimonlik faoliyati bo‘yicha besh oylik kurslar ochilgan. Soxta gidlarning ko‘payotgani nafaqat tarixiy obidalarning oldida, balki bu muammo vokzaldan tushayotgan turistlarning oldidan boshlanadi. “Afrosiyob” poyezdidan tushayotgan turistga na litsenziyaga ega, na yetarli ma’lumotga ega taksi haydovchisi ham, mehmonxona xodimi ham o‘z xizmatini taklif etadi. Viloyat Jamoatchilik kengashida turizm masalalari bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda aynan shu masalalarni ko‘rib, qaror ham chiqargandik. Samarqandda aynan shu maqsadda xavfsiz turizm politsiyasi tashkil etilgan. Ammo ommaviy nashrlarda ham noto‘g‘ri axborotlarning berilayotgani, bizni hushyorlikka chaqiradi. Universitetimizda ham bu yildan gid-tarjimonlik bo‘yicha o‘quv ishlarini boshladik. Amerika hamda Yevropa standartlariga ko‘ra, 3 yilda talabalarni tayyorlaydi. Hozirdan bunga amaliy chora ko‘rmasak, bu bora-bora O‘zbekiston imijiga salbiy ta’sir etadi.