Samarqandda “TBC BANK”ning birinchi raqamli mintaqaviy shou-rumi ochildi

Gruziyaning 30 yillik tarixga ega bo‘lgan TBC banki 2020 yilda mamlakatimizdagi birinchi raqamli bank sifatida O‘zbekiston bozoriga kirib kelgan. Bank pul o‘tkazmalari, kreditlar, muddatli to‘lov, depozitlar, to‘lovlarni amalga oshirish, bank kartalarini berish kabi xizmatlarni raqamli formatda ko‘rsatib kelmoqda. Barcha xizmatlardan TBC UZ ilovasi orqali foydalanish mumkin.

Bugun Samarqand shahrida mazkur bankning mintaqaviy shou-rumi tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda TBC BANK bosh direktori Vaxtang Butsxrikidze, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Samarqand viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i Otabek To‘xtayev va boshqalar ishtirok etdi.

– Samarqand shahri mintaqadagi bank sektori rivoji borasida katta salohiyatga ega, – dedi Vaxtan Butsxrikidze. – Raqamli bank faoliyatining kengayishi va shou-rum ochilishi bank muhim vazifasining bir qismidir va bu shahar aholisining jadallik bilan raqamli mahsulotlardan foydalanishga o‘tishiga turtki bo‘ladi, deb ishonamiz.

Bankning shou-rumlari standart bank filiallaridan tubdan farq qiladi. Bu yerda bank xizmatlari ko‘rsatilmaydi, barcha xizmatlaridan onlayn foydalanish mumkin. Ushbu shoxobchalar foydalanuvchilari TBC UZ ilovasida ro‘yxatdan o‘tish, tasdiqlash jarayonidan o‘tib, to‘laqonli mijozga aylanishi, shuningdek, bank kartasini olish borasida malakali mutaxassislardan maslahatlar so‘rashi mumkin. Bu shunchaki onlayn ilova emas, balki insonlar uchun yaralgan hamda oddiy, shu bilan birga innovatsion yechimlarni taqdim etuvchi brenddir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning oktyabr oyida yurtimizning 7 ta yirik shaharlarida, jumladan, Buxoro, Qarshi, Andijon, Jizzax, Qo‘qon, Urganch va Farg‘onada ham shou-rumlar ochilishi kutilmoqda.