Samarqandda test sinovlari 11 kun davom etadi

Joriy yil viloyatimizdagi to‘qqizta oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish maqsadida 139 ming 874 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Samarqand shahrida o‘tkaziladigan test sinovlarida 134 ming 244 nafar abituriyent qatnashadi.

Samarqandda test sinovlarini o‘tkazish uchun joylar ajratilib, tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Jarayonlar yettita ochiq maydonda, ya’ni Samarqand tumani Konigil mahallasi hududidagi sportning eshkak eshish turi bo‘yicha respublika ixtisos­lashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari maktabining 4 ta hududi, Samarqand shahridagi Depo ko‘chasida joylashgan «Lokomotiv», Kimyogarlar shaharchasidagi “Nurafshon” hamda Sartepa maskanidagi 2-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabi futbol stadionlarida o‘tkazilishi belgilandi.

Imtihonlar o‘tkaziladigan joylarga stol-stullar keltirilib, telekommunikatsiya tarmoqlari tortilmoqda.

- Karantin talablariga muvofiq test sinovlari ikki nav­batda o‘tkaziladi, - deydi Davlat test markazi viloyat bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Vohid Sirliboyev. – Jarayonlar uchun ajratilgan joylarda bir navbatda 6 ming 120 nafar abituriyent test sinovlaridan o‘tish imkoniga ega. Bir kunda 12 ming 240 abituriyent imtihon topshirishini hisobga olsak, viloyatimizda bu jarayon 11 kun davom etadi. Abituriyentlarning ota-onalari va yaqinlari uchun o‘tgan yilgidek barcha sharoitlar yaratiladi, ammo shuni inobatga olish kerakki, zarurat bo‘lmasa jarayonlarni uyda qolib, mahalliy televideniye yoki test2020.uz sayti orqali onlayn kuzatib borishlari ham mumkin.

To‘lqin SIDDIQOV,

Husan ELTOYeV.