Samarqandda turar joyi bo‘lmagan 120 nafar ayolga uy-joyning boshlang‘ich badal puli to‘lab beriladi
Bu ish Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
Kecha, 9 aprel kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Jumayeva shu haqda aytib o‘tdi.
Qayd etilishicha, jamg‘arma mablag‘lari hisobidan joriy yilning o‘tgan 3 oyida 82 nafar noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar-joy mavjud bo‘lmagan ayollarning uy-joy sharoitlari yaxshilangan.
Xususan, 26 nafar ayollarga uy-joy uchun subsidiya asosida 6 nafariga Vazirlar Mahkamasining 285-sonli qaroriga asosan boshlang‘ich badal pullari to‘lab berilgan. 44 nafar ayol ijara kompensatsiyasi asosida, 6 nafar ayol ijtimoiy uy bilan ta’minlangan.
Bundan tashqari, Jamg‘arma hisobidan og‘ir turmush sharoitida yashayotgan uy-joyga muhtoj 120 nafar ayolga boshlang‘ich badal pullari to‘lab beriladi.