Samarqandda turizmni rivojlantirish kengashi tuzildi
Viloyat turizm va sport boshqarmasi viloyatda faoliyat olib borayotgan yirik turistik korxonalar rahbarlari bilan uchrashuv uyushtirdi.
– Maqsad viloyatimizda turizmni rivojlantirish yuzasidan sizlar ochiqcha gaplashib olish, takliflariningizni eshitish, muammolaringiz bo‘lsa, hal etishga ko‘maklashishdan iborat, – dedi uchrashuv avvalida Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari – turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i R.Qobilov.
Shu bilan birga, hokim o‘rinbosari mavjud imkoniyatlar va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar tilga olindi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tkazildi va unda 2022 yilda viloyatga tashrif buyuruvchi xorijiy sayohlar sonini oshirish, tur-operatorlar duch kelayotgan muammolarga yechim topish, mavsum boshida ichki turizmni uyushqoqlik bilan tashkil etish, sayohlarning viloyatda qolish davrini uzaytirish uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, turizm sohasida faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlarning savollari va muammoli masalalariga tegishli tashkilotlar tomonidan javob berildi.
Uchrashuv yakunida bu kabi ochiq muloqotlarni tez-tez o‘tkazib turish zarurligi ta’kidlandi va shu maqsadda viloyatda sohani yanada rivojlantirish maqsadida “Turizmni rivojlantirish kengashi” tuzildi. Kengash har oyda bir marotaba yig‘ilib, sohadagi masalalar va istiqbolli loyihalarni muhokama qiladi.