Zamonaviy boshqaruvda munosib kadrlar kerak

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali rahbari Rustam QOBILOV bilan suhbat.

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va uning hududiy filialining maqsad va vazifalari nimadan iborat?

- 2019 yil 3 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5843-sonli Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4472-sonli Qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlar asosida yurtimizda davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarni boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan organ - Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.

Mamlakatimizda ushbu organni tashkil etilishiga ehtiyoj sezilarli darajada baland edi. Zero, 2017 yil Prezidentimizning Parlamentga Murojaatnomasida “Davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish maqsadida davlat xizmatiga malakali mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan yagona kadrlar siyosatini shakllantirish zarur” deb ta’kidlab o‘tilgan edi.

O‘tgan davr mobaynida agentlikning barcha hududlarda filiallari tashkil etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Davlat organlari va tashkilotlari rahbar hamda xodimlariga ushbu agentlikning mazmun-mohiyati va vazifalari tushuntirilib borilmoqda, kadrlar tizimiga yangi atama va tushunchalar kirib kela boshladi. Xususan, davlat fuqarolik xizmati, meritokratiya tamoyili, “karera modeli”, KPI – “eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari” kabi tushunchalar rahbarlar o‘rtasida ommalasha boshladi. Aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar orasida davlat xizmatining nufuzini oshirish, ularni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hududiy filiali tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining yagona bazasini yaratish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?

- Agentlikning hududiy filiali o‘z faoliyati davomida viloyatdagi 90 dan ziyod davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda ish yuritib, davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish borasida o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Jami 46 ta davlat tashkiloti va 17 ta mahalliy hokimliklarda faoliyat yuritib kelayotgan 7245 nafar davlat fuqarolik xizatchilari to‘g‘risidagi yagona ma’lumotlar bazasi, viloyatning davlat fuqarolik xizmatchilari bo‘yicha pasporti yaratildi. Ushbu pasportda tashkilotlardagi barcha rahbar va xodimlar to‘g‘risidagi umumiy ma’lumotlar jamlandi.

- Davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari kadrlar xizmati rahbarlarining lavozimga tayinlanish jarayonlarini agentlik filiali bilan kelishish amaliyoti qay tartibda yo‘lga qo‘yilgan?

- Davlat organlari va tashkilotlarining hududiy bo‘linmalariga kadrlar bilan ishlashga mas’ul xodimlarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etishda agentlik filiali bilan kelishilishini ta’minlash bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirildi. Joriy yilda jami 25 ta davlat idora va tashkilotlarning kadrlar bo‘limlari rahbarlari lavozimidan ozod etilishi hamda lavozimiga tayinlanishida viloyat filiali bilan kelishildi. Shundan 5 ta davlat organlari tomonidan kadrlar bo‘linmasi rahbarligi lavozimiga taklif etilgan dastlabki nomzodlar kadrlar sohasidagi umumiy bilim va ko‘nikmalari yetarli bo‘lmaganligi sababli belgilangan tartibda rad etildi.

- Davlat fuqarolik xizmatchilarining “Eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari” (KPI) tizimi joriy etilgan. Bizning viloyatda ham KPI tizimi bormi?

- Bulung‘ur tumani, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilganlik asosida baholash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda ushbu tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha prognoz rejalari jamlanib, ularga yetkazildi va samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilganlik asosida baholash tizimi tushuntirildi.

- Rustam Rajabboyevich, bugungi kunda yoshlar hamda xotin-qizlarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb etish, rahbarlik lavozimlariga zaxira kadrlar bazasini shakllantirish muhim masala sanaladi. Bu borada filial tomonidan nima ishlar qilinyapti?

- Istiqbolli, faol yoshlarni davlat xizmatiga keng jalb etish maqsadida Samarqand viloyatidagi barcha oliy ta’lim muassasalarida bakalavr, magistratura hamda doktorantura bosqichlarida tahsil olayotgan 331 nafar iqtidorli, alohida yutuqlarga erishgan va mukofotlarga loyiq deb topilgan talabalar hamda doktorantlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantirildi. Ushbu istiqbolli yoshlar rahbarlik lavozimlarining zaxira bazasiga kiritilib, ular bilan muntazam ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi bilan “Vatan iftixorlari” institutsional tizimini tuzish bo‘yicha kelishuv Memorandumi ham imzolandi. 24 nafar “Yoshlar parlamenti” a’zolari rahbarlik lavozimlariga zaxiraga olindi, ular bilan davlat xizmatini rivojlantirishga bag‘ishlangan davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Endilikda yoshlarga ham davlat xizmatiga keng va to‘siqsiz yo‘llar ochilishi ta’minlanadi. Ular orasidan yangi avlod kadrlari seleksiya qilinadi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi davlat granti mablag‘lari hisobidan xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olib qaytgan Samarqand viloyatida yashovchi 15 nafar stipendiatlar hamda boshqa soha mutaxassislari ishtirokida viloyatdagi barcha davlat organlari va tashkilotlardagi kadrlar xizmati rahbarlari doirasida “Istiqbolli kadrlarni qo‘llab quvvatlashda xorijiy davlatlar tajribasi” mavzusida onlayn vebinar tashkil etildi. Ushbu vebinardan ko‘zlangan maqsad xorijiy davlatlarda o‘qib, faoliyat yuritib kelayotgan iqtidorli kadrlarni mamlakatimizga qaytarish, ularni bilim va tajribasidan foydalanib, yangi g‘oya va tashabbuslarni olib kirish maqsad qilingan edi.

- Agentlik va uning filiallari tomonidan davlat organlari va tashkilotlaridagi ijtimoiy-psixologik muhitni o‘rganish, rahbar va xodimlar o‘rtasida davlat fuqarolik xizmatining nufuzini oshirish, ularda korrupsiyaga toqatsiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha anonim ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazish holati qanday? Ushbu so‘rovnomalarning natijasi nima beradi?

- Davlat boshqaruv organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyat organlari hamda xususiy sektor faoliyatida mehnat qilib kelayotgan davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odilona va ob’yektiv baholash asosida korrutsiyaga qarshi kurashish madaniyatini shakllantirish, ushbu sohada mavjud muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish hamda faoliyatni yanada takomillashtirish yo‘nalishlarini belgilash maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda onlayn anonim so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomada jami 4 108 nafar fuqaro ishtirok etdi. Ijtimoiy anonim so‘rovnoma aniq maqsadga yo‘naltirilgan jami 15 ta savollar asosida tashkil etilib, tahlil natijasida bir qator muammolar aniqlandi hamda ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi. Ishlab chiqilgan takliflar va umumlashma ma’lumotlar kuzatuv xatlari orqali Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, viloyat IIB, viloyat DXX, viloyat adliya boshqarmalariga axborot sifatida yuborildi.

- Davlat fuqarolik xizmatchilarining malaka oshirishi qay darajada ahamiyatli va bu borada agentlik filiali tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil to‘xtalsangiz.

- Ochig‘i, bugungi kunda davlat organlari va tashkilotlari rahbar va xodimlarining malaka oshirish ko‘rsatkichlari past. Hududiy davlat boshqaruv organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyat organlarida mehnat qilayotgan kadrlar tuzilmalari rahbarlarini yurtimizda kadrlar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan muntazam ravishda tanishtirib borish maqsadida alohida vebinar dastur rejasi ishlab chiqilib, ZOOM platformasi orqali ularni malakasi oshirib kelinmoqda.

- Bugungi kunda davlat fuqarolik xizmatiga tanlov asosida ishga qabul qilish amaliyoti, vakant lavozimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon berish jarayonlari amalga oshirilayotganligini guvohi bo‘lyapmiz. Ushbu amaliyotning afzalliklari qanday? Kamchiliklari-chi? Viloyatimizda bugungi kunda qaysi tashkilotlarda bo‘sh lavozimlarga ochiq mustaqil tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda?

- Agentlik filiali tomonidan amalga oshirilgan eng muhim o‘zgarishlardan biri – davlat xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida rahbarlarni qabul qilish amaliyoti bo‘ldi. Viloyat, qolaversa respublika uchun ham ushbu amaliyot yangilik hisoblanadi hamda kadrlarni saralash va tanlash borasida tub burilish yasadi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali bilan viloyat bandlik bosh boshqarmasi o‘zaro hamkorlikda viloyat bandlik bosh boshqarmasi tizimidagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish uchun tanlov asosida saralab olish to‘g‘risida o‘zaro kelishuv imzolandi. Mazkur kelishuvga asosan Oqdaryo tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori vakant lavozimi uchun ochiq tanlovda ishtirok etish yuzasidan arizalar qabul qilinishi to‘g‘risida rasmiy saytlarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda ochiq e’lonlar berildi. Mazkur vakant lavozimi uchun arizalar vacancy.argos.uz sayti orqali qabul qilinib, e’lon davomida jami 22 nafar nomzoddan arizalar kelib tushdi. Tanlov uch saralash bosqichida amalga oshirildi. Saralashning dastlabki jarayonida nomzodlar malaka talabi bo‘yicha saralanib, 9 nafari ajratib olindi. Malaka talabiga javob bergan nomzodlar saralashning navbatdagi bosqichida test.argos.uz sayti orqali nazariy bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Saralashning ushbu bosqichida 3 nafar nomzod testdan o‘tish bali, ya’ni 55 balldan yuqori to‘play olmaganliklari sababli keyingi bosqichga o‘tkazilmadi. Saralashning yakuniy bosqichiga qolgan 6 nafar nomzod bilan suhbat jarayonida eng munosib deb topilgan nomzod meritokratiya tamoyili asosida Oqdaryo tumani aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori lavozimiga tavsiya berildi. Hozirda Jomboy tuman aholini bandligiga ko‘maklashish direktori lavozimiga ochiq tanlov e’lon qilingan. Qolaversa, Samarqand shahar hamda Urgut tumani hokimliklaridagi vakant lavozimlariga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilishni tashkil etish yuzasidan hokimlar va viloyat filiali rahbari o‘rtasida o‘zaro kelishuv bitimlari imzolandi. Shuningdek, agentlik filiali xodimlari davlat tashkilotlari va organlarida vakant lavozimlarga o‘tkazib kelinayotgan suhbatlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etib kelmoqda.

- Davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining sifat tahlili deganda nimani tushunamiz? Sifat tahlili qanday amalga oshiriladi?

- Bugungi kunda davlat organlari va tashkilotlariga malakali va yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, ularni sifatli kadrlar bilan ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Kadrlarni rejalashtirish uchun asos kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni tahlil qilish va ishchilarning mehnat unumdorligi va ularni saqlash xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganishdir. Ishchi kuchining yetishmasligi tufayli kadrlarni rejalashtirish ko‘plab korxona va tashkilotlarda tadbirkorlikni rejalashtirishning ajralmas qismiga aylandi.

Kadrlarning sifat tahlili – bu tashkilotda faoliyat yuritib kelayotgan xodimlarni o‘rganib chiqish, tashkilotni yuqori malakali, yetarli kasbiy tajribaga ega, zamon talablariga javob beradigan, jamoani orqasidan ergashtira oladigan, ularni tarbiyalab borishga qurbi yetadigan xodimlar bilan ta’minlash, ularning ish faoliyatini o‘rganib borib va ularni kasbiy jihatdan o‘sishiga e’tibor bergan holda bosqichma-bosqich lavozimlarga tayinlab borish kabi jarayonlarni o‘z ichiga oladigan kompleks yondashuvdir. Kadrlar sifat tarkibi umumiy holatda xodimlarning ma’lumot darajasi, ish staji, tajribasi va yoshini o‘z ichiga oladigan tarkibiy qismlardan iborat. Zamonaviy kadr boshqaruvida ushbu tahlil HR-metrika texnologiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Ushbu texnologiya bugungi kunda zamonaviy davlat fuqarolik xizmatida ham keng joriy etilmoqda.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand filiali tomonidan joriy yilda kadrlarning sifat tarkibi bo‘yicha tahlili o‘nlab tashkilotlarda o‘tkazildi. O‘tkazilgan tahlillar natijasida kadrlarning mehnat unumdorligini oshirish maqsad qilib belgilangan.

Tahlillar natijasida o‘rganilgan tashkilotlarda rahbar kadrlarning zaxirasi shakllantirilmaganligi, rahbarlik lavozimlarida ayollarning ulushi kamligi, kadrlarning malaka oshirish kurslarida o‘qish ko‘rsatkichlarining pastligi va boshqa kamchiliklar aniqlandi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida agentlik filiali tomonidan rahbarlik lavozimlariga kadrlarni zaxiraga olish va zaxiraga olingan kadrlarni rahbarlikka tayyorlash maqsadida o‘qitish bo‘yicha tegishli takliflar ilgari surildi.

Tahlillar natijasida rahbar kadrlar va mutaxassislarning mehnat faoliyatidagi qo‘nimsizligi 2-3 yilni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi. Xo‘sh, bu nimadan kelib chiqadi? Kadrlarda egallab turgan lavozimning vazifa va funksiyalarini amalga oshirish uchun bilim, ko‘nikma va malaka yetarli bo‘lmaganidan kelib chiqmoqda. Bugungi kunda ilm-fan rivojlanayotgan davrda, yangiliklardan xabardor rahbar kadrlar o‘z ustida ishlashi va yangi bilimlarni egallashi uchun malaka oshirish kurslarida o‘qishi talab etiladi. Shuningdek, o‘z mutaxassisligiga ega bo‘lmagan va o‘rta-maxsus ma’lumotga ega hamda mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat yuritmayotgan xodimlarning qayta tayyorlov kurslarida ta’lim olishi uchun imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ham takliflar ishlab chiqildi.

- So‘nggi savol: davlat fuqarolik xizmati bo‘yicha qaysi xorijiy davlatlar tajribasini namuna sifatida o‘rganib, bizni mamlakatimizda joriy qilsa bo‘ladi?

- Rossiya, Germaniya, Janubiy Koreya, BAA davlatlari misolida.

Zarnews.uz muxbiri suhbatlashdi.