Samarqandda xalqaro fan olimpiadasi qanday o‘tkaziladi?
Har bir ishtirokchi davlatdan 6 nafar – fizika va astronomiya fanlaridan 3 nafardan o‘quvchi qatnashishi belgilangan. Olimpiada nazariy hamda eksperimental bosqichda o‘tkazilib, materiallar o‘zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan. Qatnashchilar o‘zlari xohlagan tillarda sinovdan o‘tadilar.
O‘quvchilar bilimi dunyoning taniqli xalqaro darajadagi ekspertlari, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlarining professor-o‘qituvchilari, yurtimizning tajribali olimlari, amaliyotchi o‘qituvchilardan iborat hakamlar tomonidan baholanadi.
G‘oliblar va sovrindorlar tashkiliy qo‘mita tomonidan oltin, kumush, bronza medallari, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi. O‘zbekistondan qatnashgan xalqaro olimpiada g‘oliblari esa oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish huquqini qo‘lga kiritadi.
Shuningdek, tanlov davomida ishtirokchilarga yurtimizning turizm salohiyati namoyish etilib, Samarqand shahrining diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar uyushtiriladi, turli ma’anaviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Ushbu xalqaro olimpiada tariximizning yangi sahifasi bo‘lib, mamlakatimizning dunyo hamjamiyatida nufuzi tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. Qolaversa, bunday tanlov o‘quvchilarimizda xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatli qatnashish ko‘nikmasini mustahkamlab, ularning xalqaro darajada iste’dodi va ijodiy qobiliyatini namoyon qilish, yoshlarning fizika va astronomiya fanlarini chuqur o‘rganishga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.