Samarqandda xitoylik sayyohlar uchun sharoit yetarli emas

Yaqinda Xitoy davlatidan bir guruh talabalar Samarqandga kelib, bu yerdagi yoshlar bilan uchrashdi. Viloyat yoshlar markazi binosida o‘tkazilgan anjumanda ikki tomon talabalari ham mamlakatlarimiz, qadriyatlar, urf-odat va an’analar, yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Samarqand davlat chet tillar institutining xitoy tili yo‘nalishida tahsil olganim uchun Chin yurti talabalarining mamlakatimiz haqidagi fikrlari meni juda qiziqtirdi. Xitoylik talabalar mamlakatimizdagi tarixiy obidalarning maftunkorligi, ayniqsa, Samarqanddagi ziyoratgohlarning e’tibortortarligini aytishi barobarida turizm sohasida aynan xitoyliklar uchun ba’zi kamchiliklarni ham ta’kidlab o‘tdilar. Misol uchun, xitoy tilida so‘zlashuvchi gid-tarjimonlarning yetarli emasligi, shuning uchun bu xizmat turi boshqa tillarda so‘zlovchilar uchun ko‘rsatiladigan tarjimonlikdan ko‘ra qimmatroq ekanini aytdi. Shuningdek, sayyohlik shahri hisoblanadigan Samar­qandda xitoy taomlari tayyorlanadigan oshxonalarning mavjud emasligi ham ularni hayron qoldiribdi.

Haqiqatan ham bu kamchiliklar mavjudligini oliy ta’lim muassasasidagi tahsilim davomida his qilmoqdaman. Qolaversa, uni bartaraf etish uchun choralar olib borilayotgani ham bor gap. Masalan, 2018-2019 o‘quv yili davomida ushbu yo‘nalishga 30 nafarga yaqin talabalar o‘qishga qabul qilindi. Oldin bu ko‘rsatkich 20 nafarga ham yetmasdi. Endilikda talabalar sonining oshgani bu masalada yaxshi tomonlama o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilamiz.

Niginabonu VAHOBOVA.