Samarqandda yana kredit mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastarata yo‘li bilan talon-toroj qilish holati aniqlangan
Avvalroq ham shunga o‘xshash bir nechta holat haqida aytilgandi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan amalga oshirilgan tadbirda yana ikkita holat aniqlangan.
Xususan, Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan Xalq banki Samarqand viloyati amaliyot bo‘limining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ushbu bo‘lim mas’ul shaxslari kredit va unga tenglashtirilgan operatsiyalar bo‘yicha ta’minotni tanlash va qabul qilish to‘g‘risidagi talablarga amal qilmaganliklari oqibatida “J.Ch.” MChJga savdo va aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun ajratilgan 1,8 mlrd. so‘m kredit mablag‘lari maqsadsiz sarflanib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Payariq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “P.I.” MChJ ish boshqaruvchisi M.E. hududiy tijorat banki filialidan imtiyozli shartlar asosida 6 nafar fuqaroga ajratilgan 166,7 mln. so‘m kredit mablag‘i evaziga naslli chorva molini yetkazib bermasdan, kredit mablag‘larini o‘zlashtirganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blanklar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.