Samarqandda yil yakunigacha 19,3 ming gektarda suv tejamkor texnologiyalar joriy etiladi
2021 yilda Toyloq tumanida 560 gektar maydonda suv tejamkor uskunalar joriy etilishi rejalashtirilgan. Jumladan, tumandagi “Dilshodjon Dilmurodjon Ishonch” fermer xo‘jaligi tomonidan hozircha 10 gektar bog‘ning 2 gektariga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatildi.
Shuningdek, “Ilg‘or agro texnologiya”, “Siyob Shavkat Orzu”, “Net Produk” “Xudoyberdiyev Ozod”, “Amirjon Anvarjon bog‘lari” singari o‘nlab fermer xo‘jaliklari tomonidan suv tejamkor uskunalarni o‘rnatish yuzasidan qurilish-ta’mirlash, rekonstruksiya ishlari yakunlanmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda suv tejamkor texnologiyalar joriy etilishi yuzasidan belgilangan loyihalarning o‘z vaqtida amaliyotga tadbiq etilishi nazoratga olingan.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yil viloyatda 19 ming 329 gektar maydonda suv tejamkor texnologiyalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. 19 ming 146 gektar tomchilatib, 183 gektar yomg‘irlatib sug‘orish uskunalari joriy etiladi. Hozirda 797 fermer xo‘jaligi va klaster korxonasi tomonidan bu kabi ishlar olib borilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.