Samarqandda zamonaviy o‘g‘irlik: bank xodimi mijozlar plastik kartasidagi 137 million so‘mdan ko‘proq pullarni o‘zlashtirib yuborgan

Bu hodisa Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankning Samarqand viloyati bo‘limida yuz bergan. Aybdor esa 1997 yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan yigitlardan biri.

Suddagi materiallarga ko‘ra, sudlanuvchi 2017 yil 20 yanvardan 2019 yil 18 martga qadar Milliy bank Samarqand viloyati bo‘limining filiallaridan birida konversion amaliyotlar va plastik kartochkalarga xizmat ko‘rsatish bo‘limining kassir-eksperti vazifasida ishlagan.

Uning qilgan ishini nafsi hakalak otgan yoki boshqa deb ta’riflash, noo‘rin. Ammo shunisi aniqki, u boshqa hamkasblariga nisbatan uddaburon, tajribali va uquvliroq bo‘lgan. Basharti shunday bo‘lmaganida o‘rta maxsus ma’lumotli filial xodimini viloyat bo‘limiga chaqirib, uning xizmatlaridan foydalanmasdi.

Sudda berilgan ko‘rsatmaga qaraganda, Sodiq Barnoyev (ism, familiyalar shartli) Milliy bankning viloyat bo‘limida plastik kartochka chiqaradigan moslama yoki terminallar dasturlash moslamalari ishdan chiqsa, plastik kartochkalar chiqarish va terminallarni dasturlash ishlari bilan shug‘ullangan.

Ayni shu holat Sodiqning o‘g‘irlik jinoyatini sodir etishida qo‘l kelgan. Negaki, u viloyatdagi hamkasblariga ko‘maklashish, qaysiki, ular qilmagan balki qilolmagan ishni amalga oshirish orqali 203 ta plastik kartaning parollarini bilib olishga muvaffaq bo‘lgan.

Asosiy “ish” ana shundan keyin boshlangan. Sodiq vaqti-vaqti bilan "Pay me" va boshqa tizimlar orqali jami 137 million 675 ming 323 so‘m pullarni o‘zlashtirib yuborgan.

Albatta, dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi S.Barnoyevni o‘zganing juda ko‘p miqdordagi pullarini o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda ifodalangan harakatlarini Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 4-qismi “a” (juda ko‘p miqdorda) bandi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan.

Sud aybdorga 1 (bir) yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik ishlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 2 (ikki) yil 6 (olti) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng viloyat prokuraturasining depozit hisob raqamida saqlanayotgan 137.675.323 (bir yuzi o‘ttiz yetti million olti yuzi yetmish besh ming uch yuzi yigirma uch) so‘m pullar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki viloyat filialiga qaytarilib, ushbu pullar jinoyat ishi bo‘yicha guvoh sifatida e’tirof etilgan plastik kartochka egalariga qaytarilishi belgilandi.

M.TO‘XTAYeV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi.

F.SAMATOV.

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.