Samarqanddagi 16 ta saylov uchastkasini onlayn kuzatib borish mumkin
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi.
Komissiya raisi F.Toshev boshqargan yig‘ilishda siyosiy partiyalar viloyat mas’ullari va bir qator tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axboroti eshitildi.
Jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashlari rahbarlari joriy yilning 24 oktyabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ikkala partiya ham o‘z nomzodlari bilan ishtirok etayotganini ta’kidladi. Shu paytgacha viloyatda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi nomzodining saylovchilar bilan uchrashuvi o‘tkazildi. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodning Samarqanddagi uchrashuvi keyingi haftada rejalashtirilgan. Ayni paytda joylarda ishonchli vakillar tomonidan tashviqot ishlari o‘tkazilmoqda. Buning uchun mahalliy hokimlik va boshqa mas’ul idoralar tomonidan zarur shart-sharoit yaratib berilmoqda.
Partiyalar yetakchilari saylov bilan bog‘liq boshqa tadbirlar ham Saylov kodeksi hamda boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlarga amal qilgan holda, belgilangan kalendar-reja asosida olib borilayotganini alohida qayd etdi.
Majlisda “O‘ztelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Samarqand filiali boshlig‘i N.Eshnazarov 7-Samarqand saylov okrugi hududida tuzilgan 1111 ta saylov uchastkalarini sifatli telefon va internet aloqasi bilan ta’minlash uchun zarur choralari ko‘rilganini ma’lum qildi.
– Saylov uchastkalarining barchasi 4 Mbit/s tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan, – dedi N.Eshnazarov. – Jumladan, 1061 ta saylov uchastkasi optik tolali kabel orqali, 50 ta saylov uchastkasi radiomost orqali tarmoqqa ulandi. Saylov uchastkalari uchun telefon xizmatlari tashkil etildi. Aloqa sifatini ta’minlash, muammolar yuzaga kelsa tezkor bartaraf etish maqsadida barcha uchastkalarga mas’ullar biriktirdik. Bundan tashqari, shahar va tumanlardagi 16 ta uchastka saylov komissiyalari faoliyatini onlayn rejimida kuzatib borish uchun kuzatuv kameralar o‘rnatildi.
Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘i Q.Hasanov o‘z axborotida saylovga tayyorgarlik doirasida viloyatdagi barcha saylov uchastkalariga boradigan yo‘llarning holati o‘rganilganini ma’lum qildi. O‘rganish natijasida 316 ta uchastkaning 216 kilometr yo‘llari ta’mirga muhtojligi aniqlanlangan. Shu paytgacha davlat dasturlari asosida uchastkalarga olib boradigan 154 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llari, 35 kilometr davlat ahamiyatidagi yo‘llarda ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Majlisda komissiya vaklolatiga tegishli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Komissiya yig‘ilishida siyosiy partiyalar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining xalqaro kuzatuvchisi ham ishtirok etdi.
7-Samarqand okrug saylov komissiyasi matbuot markazi.