Samarqanddagi anjuman “Chinatourismnews”, “Global Times”, “People.com.”, “Xinhua News Agensy”da yoritilmoqda
Samarqand shahridagi Yoshlar markazida Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi (WTCF)ning tashabbusi bilan turizmni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan «Bir makon - bir yo‘l» mavzusidagi Markaziy Osiyo mintaqaviy konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
Jahonning va Xitoyning “QYER”, “Company Limited”, “Utour”, “Caissa” kabi sayyohlik, “Tourizm Capital”, “Palminvestment Co.”, “Shougang Concord International Enterprises Co.Ltd” kabi investitsiya kompaniyalari, shuningdek, Penang (Malayziya), Tbilisi (Gruziya), Gaaga (Niderlandiya), Tanjing Pandan (Indoneziya) kabi shaharlari vakillari ishtirok etayotgan nufuzli anjumanning ochilish marosimida viloyat hokimi E.Turdimov, Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Chjan Venchuan, Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi bosh kotibi o‘rinbosari Li Baochunlar so‘zga chiqib, bu kabi anjumanlar O‘zbekistonning, xususan, Samarqandning sayyohlik salohiyatini jahon maydonida keng targ‘ib etish, bu sohadagi yetakchi shaharlar tajribasidan foydalanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi haqida to‘xtaldi.
- Samarqandda tashkilotimizga a’zo bo‘lganidan buyon katta o‘zgarishlar sodir bo‘lganiga guvoh bo‘ldik, - deydi Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi ekspertlar kengashi a’zosi Din Pey I. – Qilinayotgan sa’y-harakatlar natijasida nafaqat qadimiy osori-atiqalar asrab-avaylanmoqda, balki turli xorijiy mamlakatlar sayyohlarini o‘ziga jalb qiluvchi yangidan-yangi inshootlar, sayyohlik ob’yektlari qad rostlamoqda. Aslida asrlar osha butun dunyo xalqlarini o‘ziga jalb qilib kelgan, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan mazkur maskan Markaziy Osiyoning, jahonning eng taraqqiy etgan sayyohlik markaziga aylanishiga ishonaman.
Marosimdan so‘ng viloyat hokimi o‘rinbosari B.Nurullayev konferensiya ishtirokchilariga Samarqand shahrining sayyohlik salohiyati, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish hamda rivojlantirish istiqbollariga doir loyihalarni taqdim etdi.
Tadbir yakunida sayyohlik va investitsiyalar bo‘yicha xitoylik va mahalliy tadbirkorlar o‘rtasida B2B, G2B formatdagi uchrashuvlar tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, anjuman jarayonlari “Chinatourismnews”, “Global Times”, “People.com.”, “Xinhua News Agensy” kabi mashhur ommaviy axborot vositalari xodimlari tomonidan butun dunyoga yoritib borilmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).