Samarqanddagi kartoshkachilikka ixtisoslashgan mahallalarda Xitoy tajribasi asosida xomashyo yetishtiriladi va qayta ishlanadi
Xabar qilganimizdek, shu kunlarda Samarqand viloyati va bir qator tuman hokimligi vakillari, boshqarmalar boshliqlari, turizm sohasi vakillaridan iborat delegatsiya Xitoy davlatida bo‘lib turibdi.
Bugun delegatsiya a’zolari dastlab Guanjou shahrida bo‘layotgan 133-Xalqaro Kanton ko‘rgazmasida ishtirok etdi. Bu yerda viloyatimizdagi mahallalar drayverlaridan kelib chiqib, investorlarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng samarqandlik va xitoylik mutaxassis va tadbirkorlar "Snow Valley Agricultural Group" kompaniyasiga qarashli dala maydonida bo‘lishdi.
- Ushbu korxona 20 ming gektar yer maydonida kartoshka ekib, yetishtirilgan xom ashyoni o‘zlari to‘liq qayta ishlar ekan, - deydi viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. - E’tiborlisi, bu kartoshkalarning hosildorligi har gektaridan 50 tonnagachani tashkil etarkan. Biz bu yerda kartoshkani ekish, o‘ziga xos parvarish qilish, yig‘ib olish jarayonlari bilan yaqindan tanishdik. Shuningdek, konveyer asosida kartoshkani qayta ishlab chiqarish, ya’ni chips tayyorlash jarayonlari bilan tanishdik va bu tajribalarni viloyatimizdagi kartoshkachilik bilan shug‘ullanadigan mahallalarda qo‘llash bo‘yicha kelishuvga erishdik.