Samarqanddagi mahallada avtobuslar haydovchilarining noqonuniy xatti-harakatlariga barham berildi

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov 2019 yilning 17 dekabr kuni Samarqand shahridagi Xo‘ja Zudmurod mahallasi fuqarolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Chorraha ko‘chasida joylashgan 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi oldidan harakatlanuvchi avtomobillar, xususan, jamoat tarsportlari katta tezlikda yurishi oqibatida o‘quvchilarning maktabga kelib-ketishida xavf tug‘dirayotgani, qolaversa, avtobuslarda belgilangan me’yordan tashqari signallar o‘rtanilgani tufayli mahalla aholisining tinchligi buzilayotgani yuzasidan murojaat qilingandi.

Xo‘ja Zudmurod mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning ma’lum qilishicha, uchrashuvdan so‘ng viloyat IIB yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan qoidabuzar haydovchilarni aniqlash va ularga qonuniy chora ko‘rish maqsadida mazkur ko‘chada 3 kun reyd tashkil qilingan.

O‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida jamoat uchun xizmat qiladigan bir qator avtobus haydovchilarining noqonuniy xatti-harakatlari aniqlanib, ularga nisbatan tegishli tartibda choralar ko‘rilgan.

Mazkur sa’y-harakatlar uchun Xo‘ja Zudmurod mahallasi ahli viloyat hokimligi va yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga minnatdorlik bildirdi.