Samarqanddagi qurilishlar YuNESKO mutaxassislari bilan maslahatlashib, amalga oshirilmoqda. Buning sabablari bor
2022 yilda Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qariyb ikki yildan buyon bu nufuzli tadbirga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shu maqsadda shaharda 9 yo‘nalishda bunyodkorlik, obodonlashtirish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiyalash ishlari olib borilmoqda.
- Sammitga tayyorgarlik doirasida Samarqand shahrida bir qator yangi ob’yektlar qurish, keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borish rejalashtirilgan, - deydi viloyat qurilish bosh boshqarmasi mutaxassisi Parviz Sodiqov. – Qadimiy shahardagi madaniy meros ob’yektlari, tarixiy yodgorliklar ko‘p bo‘lganligi sababli bunyodkorlik ishlari YuNESKO mutaxassislari bilan maslahatlashilgan holda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, shaharning bosh rejasiga ham alohida e’tibor qaratilyapti.
Jumladan, Samarqand shahri va tumanini bir-biri bilan bog‘laydigan Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasi rekonstruksiya qilinmoqda. Yaqinlargacha ko‘chaning tor va o‘ydim-chuqurligi nafaqat mashinalar, balki piyodalarning yurishiga ham noqulaylik tug‘dirardi. «Ark-Dizayn» arxitektura loyihalash markazi tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga ko‘ra ko‘chaning Samarqand tumani hududidagi qismi kengligi 42 metrga yetkazildi. Asosiy avtomobil yo‘lidan tashqari qo‘shimcha yo‘l, piyodalar va veloyo‘laklari barpo etildi. Ko‘chaning Shohi Zinda majmuasi va Sadriddin Ayniy ko‘chalari kesishmasigacha bo‘lgan qismining eni 24 metrga yetdi. Butun ko‘cha bo‘ylab tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilib, manzarali daraxtlar ekilmoqda, yashil maydonlar yaratilmoqda.
Samarqand turistik markazi bilan Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasini bog‘lash uchun M-39 avtomagistralida ko‘prik, ya’ni yo‘l o‘tkazgichning qurilishi ham jadal davom etmoqda. Shuningdek, hududdagi Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar va o‘smirlar sport maktabi bino va inshootlari qurilishining 2-bosqichi, «Cho‘ponota» suv inshootidan Ulug‘bek rasadxonasigacha bo‘lgan suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish ishlarida yuzlab ishchi-mutaxassislar mehnat qilmoqda.
Mazkur ko‘cha bo‘yida joylashgan ob’yektlar milliy uslubda qayta qurilib, ta’mirlanmoqda. Ayni vaqtda «Newtech Samarkand» MChJ ishchilari aloqa va elektr tarmoqlari o‘tkazish uchun quvurlar yotqizayotgan bo‘lsa, «Bahor gullari» MChJ tomonidan yashil maydonlar yaratilib, yo‘lovchilar uchun yo‘laklar tashkil etilmoqda.
- Ishchilarimiz tomonidan hozirgacha ko‘chaning ikki tomoniga ming metrdan ziyod turli o‘lchamdagi quvurlar yotqizildi, - deydi «Newtech Samarkand» MChJ ish boshqaruvchisi Kamron Norov. – Ular yordamida svetofor, telefon va boshqa aloqa tarmoqlarini tortish imkoniyati paydo bo‘ldi. Yil yakunigacha yana 400 metr quvur o‘rnatamiz.
Shuningdek, ko‘cha bo‘ylab o‘ndan ziyod avtobus bekatlari, oshxona, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilib, foydalanishga topshirildi. Biroq ko‘chaning shahar qismida 150 ta, ko‘chaning tuman qismida esa 255 ta noturar va turar joy ob’yektlari bo‘lib, ularning yarmida aholi tomonidan qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Ibn Sino, Bo‘stonsaroy ko‘chalari hamda Universitet xiyoboni bo‘ylab qariyb 8 kilometr masofada 200 ga yaqin bino va inshootlar ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yil yakunigacha Samarqand davlat tibbiyot institutining o‘quv binosi, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, yoshlar, sport va turizm universitetining Samarqand filiali yotoqxonasi ham talabalar ixtiyoriga topshiriladi. Mazkur yo‘nalishning Bo‘stonsaroy ko‘chasida yo‘lni kengaytirish ishlari Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshirilmoqda. Buzilgan xonadon egalariga kompensatsiya berilib, uy-joy bilan ta’minlanmoqda. Shu vaqtgacha ushbu yo‘nalishda 35 foiz qurilish va ta’mirlash ishlari olib borildi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishning Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalarining kesishmasidagi tunnel hamda Samarqand xalqaro aeroporti qurilishi ham jadal olib borilmoqda. Mazkur ob’yektlar 2021 yilning oxirida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Afrosiyob ko‘chasi va M-37 avtomagistralidan Samarqand eshkak eshish kanaligacha bo‘lgan yo‘nalishda 250 ta noturar va turar joy ob’yektlari ham ta’mirlanmoqda. Hozirgacha Afrosiyob ko‘chasidagi 62 ta bino va inshootlar foydalanishga qabul qilingan. M-37 xalqaro avtomobil yo‘lida asfalt qoplamalari yotqizish ishlari olib borilmoqda.
Shaharning 5 kilometr uzunlikdagi Beruniy va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalarida ham obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi 64 ta noturar va 56 ta turar joy ob’yektlari ta’mirlanib, yo‘l chetidagi ariq va lotoklar tartibga keltirilyapti, yashil maydonchalar yaratilmoqda. Shuningdek, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti bosh o‘quv binosi va 375 o‘rinli yotoqxonasi, viloyat kardiologiya markazining jarrohlik bo‘limi, Siyobcha kollektorining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bilan kesishgan qismini mukammal ta’mirlash ko‘zda tutilgan.
Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofida ham bugun qurilish-obodonlashtirish ishlariga kirishilgan. Majmuaga borish uchun Samarqand shahrining Dahbed va Motrid ko‘chalarida 6,5 kilometr, Oqdaryo va Payariq tumanlari hududidan esa 16,5 kilometrni bosib o‘tish kerak. Ayni vaqtda ushbu masofada joylashgan 330 dan ziyod noturar va turar joy ob’yektlari ta’mirlanmoqda. Motrid ko‘chasi bo‘yicha «ToshboshplanLITI» DUK tomonidan taqdim etilgan loyihalarga ko‘chaning kengligi to‘g‘ri kelmaganligi sababli bu yerda ta’mirlash ishlari olib borilmaydigan bo‘ldi.
Ushbu yirik anjuman oldidan «Samarqand shahrida 2019-2022 yillarda amalga oshiriladigan ulkan bunyodkorlik ishlari to‘g‘risida»gi qarorga muvofiq Samarqand shahridagi qolgan ko‘cha va mahallalarda ham navbati bilan ichimlik suvi, elektr energiyasi, kanalizatsiya hamda aloqa tarmoqlarini yangilash, rekonstruksiya qilish, yer osti o‘tish yo‘li va ko‘priklar qurish, ta’mirlash ko‘zda tutilgan.
Dilmurod To‘xtayev,
Husan Eltoyev (foto).