Samarqanddagi to‘yda kitob tarqatildi
Men sizga aytmoqchi bo‘lgan voqea ertak, afsona yoki yolg‘on emas, bo‘lgan voqea. O‘tgan zamonda emas, hozirgi zamonda, aynan shu kunlarda bo‘lgan voqea. Bu haqda “Samarqand” gazetasi yozmoqda.
Kamina to‘yma-to‘y yurishni uncha yoqtirmayman. Sababi, birinchi navbatda u yerdagi isrofgarchiliklarni ko‘rib, juda xafa bo‘laman, odamlar o‘zlarining boyliklarini ko‘z-ko‘z qilishlariga hech ham toqatim yo‘q. Yarim yalang‘och kiyingan ayollar, bir-birini “cho‘lp-cho‘lp” o‘payotgan shirakayf erkaklar, mikrofonda og‘zini qimirlatib “jonli” kuylayotgan san’atkorlar, erkaklarga suykalayotgan raqqosalarni ko‘rishga toqatim yo‘q. Eng yomoni, to‘yxonada gumburlayotgan shovqin-suron qon bosimimni ko‘taradi. Shu sabab to‘ylarga ishqiboz emasman. Shu sabab do‘stlarim meni tanqid qilishadi. Shu sabab faqat yaqin qarindoshlar, do‘stu birodarlarning to‘ylariga noilojlikdan boraman.
Xuddi shunday yaqin do‘stlarimdan biri farzandlarining sunnat to‘yiga taklif qildi. Unchalik katta bo‘lmagan bazmxonaga ikki yuz, uch yuz chog‘li odam to‘plangan. Dasturxon ham o‘rtamiyona. Ichimliklar ham me’yorida. San’atkorlar ham o‘z obro‘yini biladigan, san’atdan xabardor insonlar ekan, kuy-qo‘shiqlar va ularning ijrosi ham asabga tegmaydi.
Boshlovchi to‘y bolalarni olqishlar ekan ularning barchasini sahnaga taklif qildi. To‘y qilayotgan do‘stimiz ikki nafar farzandini, uning ikki ukasi esa bittadan o‘g‘lini sunnat qildirayotgan ekan. Bolajonlar sahnaga chiqib kelishdi. Boshlovchining chorlovi bilan bolajonlarga to‘y sovg‘alari ulashish uchun amakiyu tog‘alar, ammayu xolalar, boboyu momolar birma bir sahnaga chiqishdi. Bizni hayratga solgani bolajonlarga berilgan to‘y sovg‘alarining asosiy qismini kitoblar jamlanmalari tashkil qilgandi.
- Mana, bolajonlarning bobosi ularga nima sovg‘a qildi, ko‘ramiz, - dedi boshlovchi baland va hayajonli ovozda. – Qoyil, otaxonga olqishlar, yashang ota, nabiralarning huzurini ko‘ring. Otaxonimiz nabiralariga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilibdilar. “Sariq devni minib”, “Shum bola”, “Hayotga muhabbat”, “Bahor qaytmaydi”, “O‘tkan kunlar” va boshqalarni sovg‘a qilibdilar. Rahmat otaxon! Rahmat!
Hammaning e’tibori sahnaga qaratildi. Haqiqatan ham sovg‘a ko‘tarib chiqqanlarning aksariyati bolalar adabiyotlaridan tarkib topgan kitoblarni bolajonlarga sovg‘a qilayotgan edi. To‘yxonada o‘tirgan ko‘pchilik uchun bu kutilmagan yangilik edi!
Eng muhimi, boshlovchi to‘y bolalarni gapga soldi biri o‘zi qiziqqan soha haqida gapirdi, ikkinchisi she’r aytdi, uchinchisi qo‘shiq kuyladi. Xullas, men to‘yda o‘tirganimni esimdan chiqaribman. To‘y haqiqiy ma’naviy-ma’rifiy tadbirga ulanib ketdi.
- Mehmonlar yaxshi o‘tiribsizlarmi, dasturxonga qarang, - dedi stolimizga yaqin kelgan to‘y egasi bo‘lgan do‘stimiz.
Yonimga chaqirib, to‘y bolalarga berilgan sovg‘a barchani hayratga solganini, bu ajoyib g‘oya bo‘lganligini, otaxonga bizning nomimizdan rahmat aytib qo‘yishini tayinladim.
- Mehmonlarga ham sovg‘amiz bor hali, - dedi to‘yning egasi. – Iltimos, ketib qolmanglar.
Mezbon aytganidek, to‘y nihoyalab borar ekan, xizmatchilar har bir stolga kelib yelim xaltaga solingan sovg‘alarni mehmonlarga tarqata boshladi. Navbat bizning stolga ham yetib keldi. Yelim haltani sekin ochib, ichidagi kitoblarga nazar tashladim. Bir biridan oqil va dono mualliflarning purma’no fikrlari jamlangan ajoyib va nodir qitoblar edi. Bu sovg‘adan barchamizning ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi.
To‘yning ertasi kuni do‘stimga telefon qilib hol-ahvol so‘radim. Bu haqda yozmoqchi ekanimni unga aytganimda u kamtarlik bilan “iltimos, mening ismimni yozmang, ko‘pchilik noto‘g‘ri tushunishi mumkin” dedi. Uning iltimosiga binoan ismini yozmadim. Lekin bu inson siz bilan biz yashayotgan mana shu go‘zal Samarqandda istiqomat qiladi. Agar, kim mening do‘stimdek to‘y qilishni istasa, men uni tanishtirib qo‘yishim mumkin.
Hakim JO‘RAYeV.