Samarqanddagi tramvayda sahnalashtirilgan “prank”dan keyin…

Ota-onalar uzr so‘radi, o‘qituvchilar hayron, mahalla oqsoqoli bolalar uchun sport maydoni zarurligini aytdi.

Samarqand shahridagi tramvayda bir guruh yoshlar tomonidan sodir etilgan holat, ularning o‘zlari ta’biri bilan aytilganda “sahnalashtirilgan “prank” keyingi kunlarda internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama etilgan mavzu bo‘ldi.

4 iyul kungi voqea tafsilotlari, uni sodir etgan shaxslar 6 iyul kuni ma’lum bo‘ldi. Bu haqda rasmiy ma’lumotlar berildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi IIV jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasining ma’lumotida qayd etilishicha, voqea “Temiryo‘l vokzali - Sartepa” yo‘nalishidagi 1-tramvay “Choy qadoqlash fabrikasi” bekatida to‘xtab turgan vaqtida sodir etilgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida, tramvay ichidagi yo‘lovchilarning yuziga noma’lum suyuqlik (aerozol) sepgan holda, yo‘lovchilarning hushidan ketishini “sahnalashtirish” holati Samarqand shahrida yashovchi o‘zaro tanish bo‘lgan 8 nafar voyaga yetmagan shaxslar (5 nafari o‘g‘il bola, 3 nafari qiz bola) tomonidan tashkil etilganligi va ular o‘rtasida ushbu “sahna”dagi rollar o‘zaro taqsimlanganligi aniqlandi.

Sahnalashtirilgan “prank” videosi tashkilotchisi va barcha ishtirokchilarining shaxsi aniqlandi – ular Samarqand shahridagi 33, 42, 43-umumta’lim maktablari o‘quvchilari.

Savol tug‘iladi – o‘quvchilar nega bu ishga qo‘l urdi, ular kimning farzandi, qaysi mahallada yashaydi?

– Ushbu holat haqida ma’lumot olganimizdan so‘ng viloyat ichki ishlar, xalq ta’limi boshqarmalari, “Mahalala” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘lim mas’ullari bilan birgalikda o‘quvchilar ta’lim olayotgan muassasalarda bo‘ldik, ota-onalar, mahalla ahli bilan uchrashdik, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati kengashi bo‘lim boshlig‘i G‘ofur Bobobekov. – Voqeaning kelib chiqish omillari muhokama etildi. Hech kim bu yoshlardan bunday harakatni kutmaganini ma’lum qildi. Albatta, bu barcha uchun kutilmagan holat bo‘lsa-da, avvalo, Samarqand uchun yarashmagan ish bo‘ldi. Buning uchun ota-onalar ham, ta’lim muassasalari o‘qituvchilari ham, mahalla va yoshlar tashkiloti ham aybdor. Ko‘p gapirsak-da har bir bolaning ta’til paytida nima bilan mashg‘ulligi, vaqtini qanday, kimlar bilan o‘tkazayotganidan bexabarmiz. Shuningdek, bugun o‘tkazayotgan ko‘p-ko‘p ma’naviy targ‘ibot tadbirlarimiz, uchrashuv va muloqotlar ham yetarli samara bermayotganini ko‘rsatmoqda. Demak, yoshlar bilan ishlashga munosabatni o‘zgartirishimiz zarur.

– Nabiram ta’lim-tarbiyasiga hozircha men mas’ulman va uning bu ishga aralashib qolgani uchun uzr so‘rayman, – deydi voqea ishtirokchilaridan biri R.B.ning buvisi L.Muhammadiyeva. – E’tiborsizligim, uning kim bilan do‘stlashgani, nima ish bilan mashg‘ulligidan bexabarligim tufayli bu voqea sodir bo‘ldi. Endi nabiram ta’lim-tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanaman.

– Bu o‘quvchilarimiz maktabda yaxshi o‘qiydi, o‘tkaziladigan ommaviy va madaniy tadbirlarda ham faol ishtirok etadi – deydi Samarqand shahridagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari Gulnoza Xudoyqulova. – Shuning uchun mazkur xunuk holat haqida eshitganimizda avvaliga ishonmadik. O‘quvchilar ayni paytda ta’tilda bo‘lsa-da ularning bunday nomaqbul ishlarga qo‘l urishiga biz ham o‘zimizni aybdor deb bilamiz. Albatta, bu o‘quvchilar bilan ishlash uchun murabbiy hamda psixologlar biriktiriladi, shu bilan birga barchamiz zimmamizdagi mas’uliyatni yana ham chuqur his qilib ishlaymiz.

Shuningdek, uchrashuvda o‘quvchilar yashaydigan Samarqand shahridagi Kattaariq va Yulduz mahalla fuqarolar yig‘inlari oqsoqollari, faollari ham holat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

– Voyaga yetmagan yoshlarning bu xatti-harakatini har birimiz qoralaymiz, ularning bunday ishlarga qo‘l urishi ta’lim-tarbiyasidagi kamchilik, deymiz lekin ko‘pchiligimiz shu paytgacha bunday yoshlar bilan suhbatlashib, orzu-niyating nima, qanday maqsading bor, deb so‘ramaganmiz,  – deydi Samarqand shahridagi Kattaariq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mehriddin Oripov. – Bugun – ta’til paytida bolalar vaqtini qayerda, qanday mashg‘ulot bilan o‘tkazyapti – buni nafaqat ota-onalar, mahalla-ko‘y ham so‘rashi kerak. Afsuski, mahallalarimizda bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun imkoniyat yo‘q. O‘zimizning hudud misolida aytadigan bo‘lsam, bolalar maydonchasi avtoturargohga aylanib qolgan. Shunday bo‘lgach, bolalar qayerda o‘ynasin, vaqtini qayerda o‘tkazsin? Internet-kafega boradi, telefonida turli o‘yinlarni o‘ynaydi va oxir-oqibat mana shunday holatlar kelib chiqadi. Bugun mas’uliyatni bir-birimizga tashlamasdan oila ham, maktab va mahalla, qo‘ni-qo‘shni ham har bir bola tarbiyasi, kelajagi uchun javobgar ekanligini his qilishi kerak. Bu bolalar bilan sodir bo‘lgan vaziyat barchamizga saboq bo‘lishi lozim.

Muhokama jarayonida qayta-qayta aytilgan fikr shu bo‘ldiki bugun ko‘pchilik ota-onalarning farzandlarini bobo va buvilari yoki boshqa shaxslar ixtiyoriga topshirib, xorijga ishga ketayotgani bolalar tarbiyasiga salbiy ta’sir qilmoqda. Ota-ona farzandi bekamu ko‘st ulg‘ayishini istaydi, ammo unga birinchi navbatda ularning tarbiyasi, o‘giti, shaxsiy ibrati zarur. Hech narsadan zoriqmay o‘sgan farzandning tarbiyasida kemtiklik bo‘lsa, uni ko‘cha muhiti tarbiyalasa, ota-onaning shuncha zahmati bir pul bo‘lishi, orzu-umidlari sarobga aylanishi hech gap emas.