Samarqanddagi uchastka saylov komissiyalariga 14 ming kishi jalb etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi.

Komissiya raisi F.Toshev boshqargan yig‘ilishda okrug hududidagi uchastka saylov komissiyalarining tarkibini tasdiqlash haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

Saylov kodeksiga ko‘ra, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida besh - o‘n to‘qqiz nafar a’zodan, shu jumladan rais, rais o‘rinbosari va kotibdan iborat tarkibda tuziladi.

 Zarur bo‘lgan hollarda, uchastka saylov komissiyasining son tarkibi o‘zgartirilishi mumkin.

 Uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.

 Mazkur tartibga muvofiq, viloyatdagi tuman va shaharlar Kengashlari o‘z hududlaridagi saylov uchastkalari bo‘yicha komissiyalar tarkibini shakllantirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasiga taqdim etgan.

Okrug saylov komissiyasi uchastka saylov komissiyalari tarkibini qonunda belgilangan talablar bo‘yicha ko‘rib chiqib, viloyat hududidagi 1111 ta saylov uchastkasi bo‘yicha komissiyalar tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Viloyat bo‘yicha uchastka saylov komissiyalariga 13 ming 974 kishi jalb etildi. Ularning 5929 nafari (42 foizi)ni xotin-qizlar tashkil etadi. Jami a’zolarning 63 foizi, ya’ni 8800 nafari avvalgi saylovlarda saylov komissiyalarida faoliyat ko‘rsatgan, bu borada tajribaga ega.

Faoliyat sohasiga ko‘ra, komissiya a’zolarining 49 foizi (6851 nafari) xalq ta’limi tizimi xodimlari, 19 foizi (2721 nafari) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, 15 foizi (2721 nafari) ham davlat idoralari va muassasalari xodimlari, 229 nafari nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hisoblanadi.

Mutaxassisligi bo‘yicha a’zolarning 50 foizi (7004 nafari) pedagog, 10 foizi (1430 nafari) shifokor, 6 foizi (890 nafari) iqtisodchi, 2,3 foizi (318 nafari) huquqshunosdir.

 Majlisda okrug saylov komissiyasi vakolatiga taaluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.

Yig‘ilishdan so‘ng okrug hududiy matbuot markazida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi raisi F.Toshev komissiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlangani va ularning vakolatlari haqida ma’lumot berdi.