Samarqanddan Krasnodarga amalga oshirilishi kerak bo‘lgan maxsus (charter) aviaqatnovining kechiktirilganligiga izoh berildi

Kecha, 22 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand xalqaro aeroportidan Rossiyaning “AZUR air” aviakompaniyasi Krasnodar shahriga amalga oshirishi kerak bo‘lgan maxsus (charter) aviaqatnov kechiktirilganligi hamda 300 nafardan ortiq yo‘lovchi ovora bo‘layotganligi aytilgan videolavha tarqaldi.

“Samarqand xalqaro aeroporti” MChJ ma’muriyati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, haqiqatan ham joriy yilning 22 iyun kuni ertalab soat 9:00 da Samarqand xalqaro aeroporti orqali Rossiyaning Krasnodar shahriga maxsus (charter) aviaqatnov amalga oshirilishi belgilangan. Mazkur qatnovda 231 nafar yo‘lovchi uchib ketishi kerak edi. Biroq “AZUR air” aviakompaniyasi tomonidan kun davomida aviaqatnov vaqti bir necha marotaba ortga surilgan. Buning sababi haqida hali rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.

Bu vaqt davomida aeroport xodimlari qatnovni kutib qolgan yo‘lovchilarga aerovokzalda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda xizmat ko‘rsatishda davom etgan. O‘z navbatida “AZUR air” aviakompaniyasi ham ularga tushlik hamda kechki ovqatni tashkillashtirib bergan.

“Samarqand - Krasnodar” yo‘nalishidagi maxsus aviaqatnov kechki soat 02:11da amalga oshirildi. Qatnovga barcha yo‘lovchilar chiqarilgan, ro‘yxatdan o‘tish hamda chegara nazoratida muammoli holat kuzatilmagan.

Eslatib o‘tamiz, “Samarqand xalqaro aeroporti” MChJ samolyot hamda yo‘lovchilarga barcha zarur xizmatlarni taqdim etdi. Aviaqatnovlarni qoldirish yoki vaqtini ko‘chirish jamiyat vakolatiga kirmaydi.