Samarqandga kimlar, qaysi sohalarga, qancha sarmoya kirityapti?

Oybek XODJAYeV, viloyat hokimining o‘rinbosari:

- Investitsiya dasturiga asosan joriy yilning yanvar-avgust oylarida viloyat bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hamda davlat kafolati bo‘lmagan xorijiy kredit mablag‘lari hisobiga jami 108,9 million dollarlik, ya’ni rejaga nisbatan 125 foizga (yillik rejaga nisbatan 75,1 foiz) investitsiyalar o‘zlashtirildi. Shundan, 34,8 million dollarga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va 74,1 million AQSh dollariga teng davlat kafolati ostida bo‘lmagan xorijiy kreditlar jalb etildi.

Bundan tashqari, 2020 yilgi investitsiya dasturiga qo‘shimcha ravishda qiymati 43,2 million dollarlik 67 ta investitsiya loyihasi kiritilib, 36 ta loyihada 16,9 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. 31 ta loyihaga 26,3 million dollarga xorijiy valyutada bank kreditlari berildi.

Xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish holatini o‘tgan yillarga nisbatan tahlil qiladigan bo‘lsak, 2018 yil 1 sentyabr holatiga 29 ta investitsiya loyihasi hisobiga 15,4 million dollarlik mablag‘ o‘zlashtirildi. 2019 yil 1 sentyabr holatiga 99 million dollarlik 91 ta loyiha ishga tushirildi va 2020 yilning mos davriga 100 ta investitsiya loyihasi hisobiga 108,9 million dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.

2020 yil investitsiya dasturidagi loyihalarning 24 tasi sanoat sohasida (qiymati 144,6 million dollar va 2734 ta ish o‘rni), 7 tasi qishloq xo‘jaligi sohasida (qiymati 17 million dollar va 305 ta ish o‘rni) va 10 tasi xizmat ko‘rsatish sohasida (qiymati 55,7 million dollar va 495 ta ish o‘rni) amalga oshirish rejalashtirilgan.

Xorijiy investitsiyalarning jalb qilinishi mamlakatlar kesimida asosiy qismi, ya’ni 60,6 foizi Xitoy, 12,3 foizi Koreya, 6,9 foizi Qatar, 6,2 foizi Turkiya, 3,2 foizi Singapur, 2,9 foizi AQSh, 2,4 foizi Rossiya va qolgan 5,5 foizi boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.