Samarqandga “tosh otmang”!

Keyingi paytlarda viloyat va respublikamizning ayrim nashrlarida  Samarqand shahridagi ba’zi madaniy meros, ya’ni arxitektura ob’yektlari buzilib yuborilayotganligi haqidagi xabarlar tarqaldi.

Bu xabar va ma’lumotlarni tarqatayotganlar bilib-bilmay nafaqat dunyoning eng ko‘hna va mashhur shaharlaridan biri hisoblangan Samarqand shahri, balki respublikamiz sha’niga ham dog‘ tushirmoqda. Ular bu harakati bilan go‘yo tarixiy merosni va Vatanini sevuvchi, o‘zini boshqalardan ko‘ra vatanparvarroq qilib ko‘rsatishga urinmoqdalar.

Aslida ular o‘sha arxitektura yodgorligi deb yozgan ob’yektlar O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi tomonidan madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish madaniy ob’yektlar ekspert komissiyasining xulosasiga asosan davlat muhofazasi ro‘yxatidan chiqarilganini nazardan chetda qoldirganligini bilarmikan? Ana shunday ob’yektlardan biri shaharning Amir Temur ko‘chasidagi 14-noturar-joy binosi bo‘lib, u Samarqand davlat tibbiyot instituti hududiga yondosh holda joylashgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 27-28 avgust va 2 sentyabr kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshirig‘i asosida Samarqand davlat tibbiyot institutining moddiy-texnik va o‘quv klinik amaliyoti laboratoriyalari bazasini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilishlarga xalaqit berganligi sababli ushbu noturar-joy binosi buzilishga tushgan. Bu buzilish mutasaddi tashkilotlar bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan. O‘tmishda qurilgan har bir ob’yektni ham madaniy yodgorlik sifatida talqin etish mantiqqa mos kelmaydigan ishdir. Me’moriy yodgorlik – bu, odatda, ajdodlarimiz tomonidan  o‘tmishda muayyan maqsadda qurilgan, aniq tarixiy, moddiy funksiyaviy va me’moriy-badiiy qimmatlarga ega bo‘lgan me’moriy ob’yekt tushuniladi. Chunki bunday ob’yektlar xalq va millatning o‘sha davr me’moriy madaniyatini o‘zida ifoda etuvchi moddiy tarixiy “hujjat”dir.

Agar u o‘tmishda qurilgan tarixiy ob’yekt bo‘lsa-yu, qolgan mezonlarni qanoatlantirmasa, me’moriy yodgorlik mavqeiga ega bo‘la olmaydi. Agar ob’yekt haqiqatan ham o‘tmishda qurilgan bo‘lib, dastavval yuqoridagi mezonlarni o‘zida aks ettirgan bo‘lsa, u tarixiy meros ob’yekti  sifatida davlat muhofazasiga olingan bo‘lishi mumkin. Biroq, vaqt o‘tishi bilan muayyan ob’yektiv va sub’yektiv sabablarga ko‘ra mazkur ob’yekt buzilib, vayrona holatiga tushib, uni yodgorlik sifatida tan olish mumkin bo‘lgan qimmatlarini yo‘qotgan bo‘lsa, ob’yekt davlat muhofazasidan chiqariladi. Arxeologik ob’yektlar va yodgorliklar esa bundan mustasno, albatta.

“Samarqand shahrida buzilib yuborilyapti”, deb aytilayotgan tarixiy ob’yektlar aynan shunday, ya’ni avval ro‘yxatda turib, so‘ngra turli xil sabablarga ko‘ra ob’yekt qisman buzilib yoki o‘zgartirilib yuborilgan va natijada yodgorlik sifatidagi qimmatlarini yo‘qotgan ob’yektlardir.

Menimcha, ishning asl mohiyatini tushunmasdan turib qilingan bunday chiqishlarning o‘rniga Samarqand shahri me’moriy va shaharsozlik yodgorliklarida olib borilgan va bajarilayotgan ta’mir ishlari haqida yoki shahrimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan keng bunyodkorliklar haqida yozilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Yuqoridagi yodgorliklar haqidagi ma’lumotlarsiz ham Samarqand shahrida zamonaviy qurilishlar bilan bog‘liq ba’zi kamchiliklar (tarixiy muhit muhofazasini e’tiborga olmaslik, tarixiy muhit zonasida binolarni baland qilib qurish va boshqalar) tufayli el-yurtga sharmanda va YuNESKOga nishona bo‘lib turgan bir paytda, o‘ylamasdan “o‘lganning ustiga tepgan” qabilida ish yuritish “vatanparvar”lar uchun ham obro‘ olib kelmaydi.

Men bu bilan shahar ijtimoiy hayoti va madaniy meros ob’yektlarida yuz berayotgan kamchiliklar va noxushliklar haqida yozmaslik kerak demoqchi emasman. Yozish kerak, faqat yetti o‘lchab bir kesib, haqiqatni yozish kerak. Masalan, Amir Temur tomonidan uning ark-kal’asi hududida qal’a devoriga yondosh qurilgan Nuriddin Basir maqbarasi rus chorizmi ofitserlari tomonidan atayin portlatib yuborilgan. Ushbu tirixiy ob’yektning poydevorlari va qurilgan joyi aniq. U portlatishdan oldin to‘liq “obmer” qilinib, chizma ishlangan va bu chizmalar (tarhi va qirqim, umumiy ko‘rinishi qisman) bizgacha saqlanib qolgan. Bu ob’yektning Samarqand shahridagi me’moriy ahamiyati va mahobati “Go‘ri Amir”dan kam bo‘lmagan.

Ushbu ob’yektni o‘z joyiga aslidek qilib qayta tiklash masalasi viloyat hokimligi turizmni rivojlantirish bo‘limida qo‘llab-quvvatlangan. Agar ob’yektni qayta tiklash uchun mukammal loyiha ishlanib, mablag‘ topilib, u qayta tiklansa nima bo‘ladi? Tiklangan ob’yekt Temuriylar davri me’moriy yodgorligi deb tan olinadimi? Menimcha, yo‘q. Chunki unda, yuqorida keltirganimizdek, tarixiylik mezoni yetishmaydi. Bunday ob’yektlar YuNESKO tomonidan tarixiy meros ob’yekti tarzida tan olinmaydi. Biroq, u milliy an’analarimiz asosida asliga o‘xshatib tiklansa, uni xalqimiz tan oladi. Chunki, bu ish shu zamin, makon va zamona yashayotgan xalqning xohishi, irodasining ifodasi bo‘ladi.

Imom Buxoriy majmuasidagi buyuk alloma mozori ustiga qurilgan asl maqbara sho‘rolar davrida xarobaga aylanib, yo‘q bo‘lib ketgach, u ham qayta tiklandi va hozir yodgorlik sifatida tan olinmoqda. Bunga YuNESKOning e’tirozi yo‘q. Demak, Nuriddin Basir maqbarasi qayta tiklansa vaqti-soati  kelib, u ham me’moriy meros ob’yekti sifatida tan olinadimi?

Yoki boshqa bir misol. Amir Temurning Samarqanddagi ark-qal’asining bosh darvozasi va unga tutashgan mudofaa devorlarining bir qismini o‘z  joyiga qayta tiklash loyihaviy taklifi ham SamDAQI mutaxassislari tomonidan ilgari surilgan. Agar bu ish risoladagidek qilib amalga oshirilsa nima bo‘ladi? U me’moriy va tarixiy shaharsozlik merosiy ob’yekti tarzida tan olinadimi?! Shahrisabzda shaharning yo‘q bo‘lib ketgan Temuriylar davri tarixiy devorlari va darvozasi qayta tiklandi-ku. “Bibixonim” jome masjidi hovlisining to‘rida joylashgan baland maqsuraning ahvoli qanday edi? Yoki Registon maydonidagi Tillakori masjid-madrasasi yonida yer qa’riga ko‘milib yotgan tarixiy hammomning ochilishi, Panjikent ko‘chasining Qarshi yo‘liga chiqqancha masofadagi ijobiy o‘zgarishlar haqida nega yozmaymiz.

Kelinglar, shular haqida o‘ylaylik, yozaylik, bir fikrga kelaylik. Samarqand shahri xalqimiz, millatimiz dovrug‘ini butun dunyoga taratgan, ming-ming yillik tarixga ega bo‘lgan ilohiy makonimizdir. Shunday ekan, bilib-bilmay uning sha’niga “tosh otavermaylik”. Unga munosib bo‘laylik!

Ahtam O‘rolov,

Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti professori, me’morchilik fanlari doktori.